“Okaz” gazetasi: Saudiya kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium Toshkentda yirik aviatsiya xabini barpo etadi

Iyun 20, 2026. 18:30 • 2 daq

68
“Okaz” gazetasi: Saudiya kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium Toshkentda yirik aviatsiya xabini barpo etadi

AR-RIYOZ, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli “Okaz” gazetasida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikka bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, Saudiya Arabistoni delegatsiyasining Toshkent forumidagi faol ishtiroki ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar yangi bosqichga chiqqanining yaqqol isboti bo‘ldi. Anjuman doirasida Saudiya–O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi hamda hukumat vakillari ishtirokida qator uchrashuvlar o‘tkazilib, o‘zaro manfaatli bitimlar imzolandi.

Eng muhim voqealardan biri — Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlari hududida (1310 gektar maydonda) barpo etiladigan yangi Toshkent xalqaro aeroportini qurish va boshqarish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi bo‘ldi. Mazkur yirik infratuzilmaviy loyiha Saudiya Arabistonining “Vision Invest” kompaniyasi boshchiligidagi xalqaro konsorsium tomonidan, Koreya va Yaponiya shirkatlari sherikligida amalga oshiriladi.

Shuningdek, maqolada ta’kidlanishicha, loyihaning birinchi bosqichida uzunligi 4 kilometrdan bo‘lgan 2 ta uchish-qo‘nish yo‘lagi, maydoni 208 ming kvadrat metrlik yo‘lovchi terminali, 98 ta havo kemasi to‘xtash joyi va zamonaviy dispetcherlik minorasi barpo etiladi. Kelishuvga ko‘ra, “Vision Invest” yo‘lovchi terminali va perronni qurish hamda foydalanish uchun mas’ul bo‘lsa, O‘zbekiston hukumati aerodrom infratuzilmasini barpo etishni o‘z zimmasiga oladi.

Yangi aeroport 2030-yil yakuniga qadar ishga tushirilishi kutilmoqda. U yiliga 20 million nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish va 300 ming tonna yuk qabul qilish quvvatiga ega bo‘ladi. “Okaz” gazetasining xulosa qilishicha bu loyiha Toshkentning Markaziy Osiyodagi yirik aviatsiya va logistika xabi sifatidagi mavqeini tubdan mustahkamlaydi. Qurilish maydonidagi dastlabki tayyorgarlik ishlari joriy yilning iyun oyidayoq boshlanishi rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish