Logo

“Pakistan Today” gazetasi: OTB O‘zbekistonning jahon iqtisodiy jarayonlaridagi asosiy strategik hamkorlardan biri

May 07, 2026. 19:04 • 2 daq

49
“Pakistan Today” gazetasi: OTB O‘zbekistonning jahon iqtisodiy jarayonlaridagi asosiy strategik hamkorlardan biri

ISLOMOBOD, 7-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Pakistan Today” nufuzli gazetasida “O‘zbekistonning Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorligi: infratuzilmani moliyalashtirishdan kengaytirilgan strategik sheriklikkacha” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda shu yilning 3–6-may kunlari Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 59-yillik yig‘ilishi haqida maʼlumot keltirilgan. Ushbu tadbirda 69 aʼzo davlatdan bank va moliya institutlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Muhokamalar Osiyo mamlakatlari oldida turgan asosiy rivojlanish muammolari va ularni hal etish yo‘llariga qaratilgan bo‘ladi.

“Bunday yuqori darajadagi forumning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar tobora eʼtirof etilayotgani va uning jahon moliya tizimidagi o‘rni mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi”, – deyilgan maqolada.

Pokiston nashrida yozilganidek, O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi hamkorlik keng qamrovli va uzoq muddatli xususiyatga ega. Qo‘shma tashabbuslar portfeli umumiy qiymati 27,5 milliard dollar bo‘lgan 174 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Ulardan 10,5 milliard dollarlik 66 ta loyiha yakunlangan bo‘lsa, yana 4,6 milliard dollarlik 30 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar OTBning O‘zbekistonning yetakchi rivojlanish sheriklaridan biri ekanini tasdiqlaydi.

To‘plangan tajribaga tayanib, OTB 2024-yil avgust oyida 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan yangi besh yillik hamkorlik strategiyasini ishga tushirdi. O‘zbekiston va OTB 2026-2028-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro anglashuv memorandumini tasdiqladi. Unda umumiy qiymati 4,2 milliard dollar bo‘lgan 28 ta loyihani amalga oshirish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammiti doirasida 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan OTB bilan Kengaytirilgan strategik sheriklik dasturini imzolash tashabbusini ilgari surdi.

“O‘zbekiston va OTB o‘rtasidagi zamonaviy hamkorlik modelining asosiy xususiyatlari keng qamrovlilik, strategik yo‘naltirilganlik, institutsional chuqurlik va barqarorlikdan iborat. Shu tariqa, bugungi kunda OTB faqatgina kreditor emas, balki tuzilmaviy islohotlar, iqtisodiy modernizatsiya va O‘zbekistonning jahon iqtisodiy jarayonlariga integratsiyasida ishtirok etuvchi asosiy strategik sherik hisoblanadi”, – deya urg‘ulangan maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish