“Слово Кыргызстана” gazetasi: O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari uzoq muddatli sheriklikning yaxlit tizimini shakllantirmoqda

Iyul 30, 2026. 12:00 • 2 daq

37
“Слово Кыргызстана” gazetasi: O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari uzoq muddatli sheriklikning yaxlit tizimini shakllantirmoqda

BISHKEK, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Qirg‘izistonning “Слово Кыргызстана” gazetasida “O‘zbekiston - Qirg‘iziston: chegaradosh qo‘shnichilikdan uzoq muddatli iqtisodiy kooperatsiya sari” sarlavhali tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy ustunlaridan biriga aylandi. Umumiy chegara, tarixiy yaqinlik va davlat rahbarlarining muntazam muloqoti savdo, transport, energetika, sanoat hamda qishloq xo‘jaligi sohalaridagi mustahkam sheriklikka zamin yaratmoqda. Bu ikki tomonlama kun tartibini oddiy qo‘shnichilik doirasidan olib chiqib, kompleks iqtisodiy hamkorlik xususiyatini baxsh etmoqda.

Joriy yilning 22-23-iyun kunlari Cho‘lpon ota shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning 12-majlisi va sohaviy vazirliklarning uchrashuvlari savdo-investitsiyaviy aloqalarni jadallashtirishda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, hududlararo to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonda ikki mamlakat Hududlarining birinchi forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham munosabatlarning yuqori dinamikasini ko‘rsatmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 1,2 milliard ASHQ dollarini tashkil etib, 36,4 foizga oshdi. 2026-yilning yanvar-may oylarida esa bu ko‘rsatkich 468,8 million dollarni (+43,9%) tashkil etdi. Tomonlar 2024–2030-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro savdo hajmini oshirish dasturini izchil amalga oshirmoqda.

Maqolada sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlik alohida eʼtirof etilgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda qirg‘iz kapitali ishtirokidagi 450 ta, Qirg‘izistonda esa o‘zbek kapitaliga ega 85 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Chuy viloyatida “Onix”, “Captiva”, “Damas”, “Cobalt”, “Tahoe” va “Tracker” avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, geologiya, farmatsevtika, yengil sanoat va to‘qimachilik sohalarida qo‘shma loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Strategik yo‘nalishlar qatorida energetika va transport sohalari ham bor. Xususan, “Qambarota GES-1” qurilishi bo‘yicha kelishuvlarni jadallashtirish hamda 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan transport va logistika bo‘yicha qo‘shma dasturni tayyorlash ustida ish olib borilmoqda. Ushbu tashabbuslarni moliyalashtirishda O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi muhim vasila bo‘lib xizmat qilmoqda.

Umuman olganda, maqola muallifi taʼkidlaganidek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari nafaqat alohida kelishuvlar to‘plamini, balki uzoq muddatli va barqaror sheriklikning yaxlit tizimini shakllantirmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish