“Genç Okur” jurnali: Turkistonning qalbi – O‘zbekiston
Fevral 12, 2026. 15:25 • 3 daq
• 10ANQARA, 12-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiya yoshlari orasida ommalashgan va nufuzli bo‘lgan “Genç Okur” (“Yosh o‘quvchi”) jurnalida turkiyalik sayyoh Davud Bayraklining O‘zbekistonga qilgan sayohati haqidagi taassurotlari hamda mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif yurtimizni nafaqat tarixiy va madaniy merosi, balki zamonaviy shaharsozlik namunalari, mehmondo‘st xalqi va boy tabiiy resurslari bilan ham yuksak baholaydi.
Maqolada taʼkidlanishicha, O‘zbekiston turkiy respublikalar orasida boy tarixiy merosga, ulkan madaniy zaxiraga va keng iqtisodiy imkoniyatlarga ega mamlakat sifatida ajralib turadi. Xususan, unumdor va serhosil yerlar ko‘pligi sababli qishloq xo‘jaligi mamlakat iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biriga aylangani qayd etiladi.
Davud Bayrakli o‘z sayohatini Toshkent xalqaro aeroportidan boshlaydi. Samolyot qo‘nish arafasida havodan ko‘zga tashlangan serhosil dalalar va keng hududlar muallifda O‘zbekiston haqidagi dastlabki ijobiy tasavvurni yanada mustahkamlaydi. U bojxona nazoratidan o‘tib, mehmonxonaga joylashgach, vaqtni zoye ketkazmasdan shahar bilan tanishishga oshiqadi. Zero, asrlar davomida sayyohlar va tadqiqotchilarni o‘ziga rom etib kelgan zaminda har bir daqiqa g‘animat edi.
Toshkentda uni o‘zbekistonlik do‘sti Temur qarshi oladi. Suhbat asnosida muallif shahar haqida ko‘plab qiziqarli maʼlumotlarga ega bo‘ladi. Jumladan, Toshkent MDH hududidagi yirik shaharlardan biri ekani, bugungi kunda qariyb uch milliondan ortiq aholiga egaligi taʼkidlanadi. 1966-yilgi kuchli zilziladan so‘ng shahar tubdan qayta qurilgani esa Toshkentning zamonaviy qiyofasini belgilab bergan muhim tarixiy voqea sifatida tilga olinadi.
Muallif Toshkentning keng va ravon ko‘chalari, yashil maydonlari, obod park va xiyobonlari, puxta rejalashtirilgan turar-joy massivlari va rivojlangan infratuzilmasini alohida eʼtirof etadi. Uning fikricha, shaharda transport harakati uchun yaratilgan qulayliklar piyodalar uchun ham birdek hisobga olingan. Yo‘l yoqalab saf tortgan daraxtlar esa shaharga o‘ziga xos fayz bag‘ishlab turadi.
Toshkentning madaniy hayoti ham sayyohni hayratga soladi. Teatrlar, kinoteatrlar va konsert zallarining ko‘pligi shaharning maʼnaviy muhiti yuksak ekanidan dalolat beradi. Ayniqsa, Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan VII asrga mansub, xalifa Usmon davrida jamlangan qadimiy Qurʼon musʼhafini ziyorat qilish muallif uchun unutilmas taassurot qoldiradi. Shuningdek, turli davrlarda ko‘chirilgan yana 114 dona musʼhafning mavjudligi Toshkentning nafaqat siyosiy yoki iqtisodiy, balki ulkan maʼnaviy markaz ekanini namoyon etadi.
Muallifni hayratga solgan jihatlardan yana biri – Toshkent metrosi bo‘ldi. 1977-yilda ishga tushirilgan mazkur metro Markaziy Osiyodagi birinchi metro ekani bilan ahamiyatlidir. Har bir bekatning o‘ziga xos meʼmoriy yechimi, bezaklari va badiiy uslubi uni oddiy transport vositasidan ko‘ra ko‘proq sanʼat asariga aylantirgan. Bu esa shaharning zamonaviy rivoji bilan bir qatorda estetik did va madaniy merosga bo‘lgan ehtiromini ham ifodalaydi.
Toshkentdagi sayohat yakuniga yetar ekan, muallifning qalbi 2500 yillik tarixga ega, Turkiston mintaqasining eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Buxoroga yo‘l olish hayajoni bilan to‘ladi. Uning taʼbiri bilan aytganda, O‘zbekiston sayohati – bu faqat manzillar almashinuvi emas, balki tarix kaʼriga, maʼnaviyat olamiga va turkiy dunyoning qalbiga qilingan sayohatdir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi


