Pokiston matbuoti: O‘zbekiston Pokiston portlari orqali jahonning yuzlab portlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri dengiz aloqalarini yo‘lga qo‘ygan
Fevral 02, 2026. 09:00 • 3 daq
• 199ISLOMOBOD, 2-fevral. /“Dunyo” AA/. Pokistonning «Daily Ausaf», «Sub News English», «The Diplomatic Insight», «News Network Pakistan» va «Daily Sub News» kabi elektron nashrlarida «O‘zbekiston tashqi savdosida Pokiston portlarining strategik ahamiyati» sarlavhali maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«Jahon geosiyosatida kuzatilayotgan beqaror vaziyat, shuningdek transport-logistika tizimlarida yuzaga kelayotgan uzilishlar va muammolar davlatlar o‘rtasidagi savdo aloqalariga, qolaversa, mamlakatlar milliy iqtisodiyot barqarorligiga hamda aholining turmush darajasiga bevosita taʼsir ko‘rsatib kelmoqda. Bunday sharoitda mamlakat tashqi savdo transport yo‘laklarining strategik jihatdan oqilona tashkil etilishi va ularning turli kutilmagan o‘zgarishlarga nisbatan bardoshliligi hamda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, shuningdek aholining oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb yetadi», – deyilgan maqola avvalida.
O‘zbekiston o‘zining noyob geografik joylashuviga ko‘ra dengizga chiqish uchun kamida ikki davlat hududidan o‘tishni talab qiladigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, mamlakat Yevroosiyo mintaqasining markazida joylashganligi sababli qadimdan muhim savdo yo‘llari chorrahasida bo‘lib kelgan.
Bu holat mamlakat hududini transport tarmoqlari uchun yuk oqimlari jamlanadigan va tarqaladigan strategik makon sifatida ko‘rilishga xizmat qilib kelgan. Hozirda mazkur geografik va tranzit salohiyatdan oqilona va to‘laqonli foydalanish nafaqat mamlakatimizning, balki butun mintaqaning tashqi savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
«Mazkur salohiyatdan foydalanishda O‘zbekiston hukumati tomonidan transport sohasida bir necha tashabbusli loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda, xususan «O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» temir yo‘l qurilishi loyihasi hamda shu loyiha doirasida ilgari surilgan «Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» xalqaro multimodal transport yo‘lagi nafaqat O‘zbekistonni eng yaqin dengiz portlari bilan bog‘laydi balki, Janubiy Osiyo bozorlari, Yaqin Sharq, Afrika va Osiyo-Tinch okeani mintaqalariga eng qisqa dengiz yo‘li orqali chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi», –taʼkidlangan manbada.
Materiallarda, shuningdek, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, «O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston» koridori orqali tashilgan yuklar hajmi 400 ming tonnadan oshgani, o‘tgan yilga nisbatan mazkur ko‘rsatkich 11 foizga ortgani qayd etilgan. Ayniqsa, xorijiy davlatlardan import yuklari hajmi 22 foizga o‘sib 243 ming tonnaga etgani Pokiston portlari orqali tashuvlar O‘zbekiston ichki bozori uchun ham muhim ahamiyat kasb yetayotganini ko‘rsatadi.
«O‘zbekiston Pokistonning Karachi, Qasim, Gvadar kabi uchta muhim dengiz portlariga chiqish chiqmoqda. Ushbu portlar orqali jahonning yuzlab portlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri dengiz aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Bu O‘zbekiston eksport mahsulotlarini Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika va Osiyo–Tinch okeani bozorlariga tezkor va raqobatbardosh narxlarda yetkazib berish imkonini yaratadi», – deb yozgan Pokiston OAV.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



