Afg‘on OAV: Pokiston va O‘zbekiston rasmiylari Afg‘onistondagi tinchlikni mintaqaviy barqarorlikda juda muhim deb hisoblaydi
Fevral 08, 2026. 13:40 • 2 daq
• 820
QOBUL, 9-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi afg‘on OAVda keng yoritildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Jumladan, Afg‘oniston hukumatining yetakchi “Tolo news” telekanalida O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif hamda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida uchrashuvlari haqida batafsil lavhalar efirga uzatildi.
Pokiston va O‘zbekiston rasmiylari Afg‘onistondagi tinchlik mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlagan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik mintaqadagi barqaror xavfsizlik va farovonlik uchun juda muhimligini qayd etar ekan, O‘zbekiston–Afg‘oniston–Pokiston temir yo‘li qurilishi loyihasi Afg‘onistondagi xavfsizlik va siyosiy barqarorlik bilan bog‘liq vaziyatga bevosita bog‘liq ekanini aytgan. Ushbu yirik loyiha Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi tranzit va savdoni mustahkamlashga qaratilgan.
Dasturlarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da kengaytirish, do‘stlik hamda strategik sheriklikni mustahkamlashning joriy holati va dolzarb yo‘nalishlari muhokamasi bo‘yicha mutaxassislar fikri taqdim etilgan.
Shuningdek, “Ariana news” AAning veb-saytida eʼlon qilingan maqolada O‘zbekiston va Pokiston birgalikda, Afg‘onistonni o‘z hududida faoliyat yuritayotgan jangari guruhlarga qarshi aniq choralar ko‘rishga chaqirgani va mintaqaviy barqarorlik, yirik aloqa loyihalari mamlakatdagi xavfsizlik sharoitlari yaxshilanishiga bog‘liqligi taʼkidlab o‘tilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi