Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti KXDRga qarshi harbiy provokatsiya uyushtirishda ayblanib, 30 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Iyun 12, 2026. 12:00 • 2 daq

11
Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti KXDRga qarshi harbiy provokatsiya uyushtirishda ayblanib, 30 yilga ozodlikdan mahrum etildi

SЕUL, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Seul markaziy okrug sudi Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yolni mansab vakolatini suiiste’mol qilish va dushman manfaatlarini ko‘zlab harakat qilishda aybdor deb topib, 30 yilga ozodlikdan mahrum etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi ma’lumotiga tayanib.

Sudning aniqlashicha, Yun Sok Yol 2024-yil oktyabr oyida ikki mamlakat o‘rtasidagi keskinlikni kuchaytirish maqsadida KXDR hududiga uchuvchisiz uchoqlarni kiritish bo‘yicha operatsiya o‘tkazishga buyruq bergan. Sud xulosasiga ko‘ra, vaziyatning kutilayotgan keskinlashuvi 2024-yil 3-dekabrda harbiy holat joriy etilishiga asos bo‘lishi kerak edi.

Sud qarorida ta’kidlanishicha, ayblanuvchilar Shimoliy Koreyani provokatsiyaga undash va harbiy holat joriy etish uchun bahona bo‘la oladigan milliy xavfsizlik inqirozini yuzaga keltirish maqsadida psixologik urush usullaridan foydalanishni niyat qilgan.

Janubiy Koreyaning sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon ham operatsiyada ishtirok etgani uchun 30 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Harbiy kontrrazvedka qo‘mondonligining sobiq rahbari Yo In Xyon 15 yilga qamaldi. Dronlardan foydalanish qo‘mondonligi sobiq qo‘mondoni Kim Yon Dega esa besh yillik sinov muddati bilan uch yil shartli qamoq jazosi tayinlandi.

Sudning qayd etishicha, sudlanuvchilarning harakatlari jamiyatning mamlakat rahbariyati va qurolli kuchlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazgan, chunki harbiy resurslar qonuniy maqsadlarda emas, balki shaxsiy siyosiy vazifalarni amalga oshirish uchun ishlatilgan.

Yun Sok Yolning himoya tomoni dronlardan foydalanish Shimoliy Koreyaning 2024-yilda Janubiy Koreya tomon havo sharlarini uchirganiga javoban qonuniy harbiy operatsiya bo‘lganini ta’kidlab, hukm ustidan apellyatsiya shikoyati berish niyatini ma’lum qildi.

Biroq sud ushbu operatsiya mamlakatning harbiy imkoniyatlarini fosh etib, KXDRning jangovar shayligini oshirishga xizmat qilgani bois Janubiy Koreyaning xavfsizlik manfaatlariga zarar yetkazgan, degan xulosaga keldi.

Bu sobiq prezidentga nisbatan chiqarilgan birinchi ayblov hukmi emas. Fevral oyida u harbiy holat joriy etish bilan bog‘liq isyon ishida umrbod ozodlikdan mahrum qilingan edi. Bu hukm ustidan ham shikoyat qilingan.

“News1” telekanali surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish