Saudiya Arabistonining “Okaz” gazetasida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining intervyusi eʼlon qilindi
May 15, 2026. 20:55 • 2 daq
• 42
AR-RIYOZ, 15-may. /“Dunyo” AA/. Saudiya Arabistonining nufuzli “Okaz” gazetasida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyevning Haj mavsumi, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar hamda ikki tomonlama hamkorlikka bag‘ishlangan intervyusi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Intervyuda 2026-yilgi Haj mavsumi bo‘yicha ishchi guruh rahbari Sodiq Toshboyev O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlik faqat diplomatik aloqalar bilan cheklanib qolmay, balki ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish va ularning sayohatini tashkil etish yo‘nalishida ham kengaymoqda.
Sodiq Toshboyev ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar siyosiy iroda, ko‘p asrlik tarixiy, maʼnaviy va ilmiy aloqalarga tayanishini taʼkidladi. Uning fikricha, so‘nggi yillardagi oliy darajadagi tashrif va uchrashuvlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqan.
U Saudiya Arabistonida amalga oshirilayotgan “Saudiya Arabistoni nigohi – 2030” doirasidagi islohotlar infratuzilma va raqamli texnologiyalar sohasida katta o‘zgarishlarga olib kelganini qayd etdi. Shuningdek, hajni boshqarish jarayonida sunʼiy intellektdan foydalanish ziyoratchilar uchun qulaylik va xavfsizlikni yangi bosqichga olib chiqqan.
Maʼlum qilinishicha, o‘zbekistonlik ziyoratchilarni Haj safariga jo‘natish 2-maydan boshlangan bo‘lib, 18-maygacha Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch xalqaro aeroportlari orqali davom etadi.
Yoshi ulug‘ ziyoratchilar uchun alohida tibbiy va tashkiliy monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, marosimlarni to‘g‘ri ado etish bo‘yicha doimiy maʼrifiy tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Sodiq Toshboyev maʼnaviy hamkorlik doirasida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni Islom ishlari vazirligi o‘rtasidagi memorandum muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi. Shu bilan birga, u Imom al-Buxoriy va at-Termiziy kabi buyuk allomalar merosi ikki xalq o‘rtasidagi maʼnaviy aloqalarni yana-da mustahkamlashini qayd etdi.
Intervyu yakunida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik ikki xalq farovonligi, umumiy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda islom dini yo‘lidagi aloqalarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“CAWA Media”: Namangandagi Xalqaro gullar festivalida dunyo floristlari birlashadi

“Sada al-Balad”: Namanganda Xalqaro gullar festivali bu gal yubiley, 65-marotaba tashkil etiladi


