O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi nutqi

May 15, 2026. 18:40 • 7 daq

7
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitidagi nutqi

(2026-yil 15-may, Turkiston sh.)


Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Avvalambor, qadimiy va navqiron Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy muloqotini o‘tkazish tashabbusi, barchamizga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom va anʼanaviy mehmondo‘stlik uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga chin dildan tashakkur izhor etaman.

Shuningdek, Tuzilmamizning xalqaro nufuzini mustahkamlash yo‘lida ulkan saʼy-harakatlarni amalga oshirayotgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, hurmatli Ilhom Haydarovich Aliyevga samarali raisligi uchun samimiy minnatdorlik bildiraman.

Bugungi anjuman musulmon ummatining ulug‘ ayyomi –muborak Qurbon hayiti arafasiga to‘g‘ri kelayotganida chuqur ramziy maʼno mujassam. Zero, bizning qadimiy tariximiz, muqaddas dinimiz, madaniy va maʼrifiy ildizlarimiz, azaliy qadriyat va anʼanalarimiz mushtarak.

Go‘zal Turkiston shahri Buyuk ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazi hisoblangan. Mazkur zaminda ulug‘ ajdodimiz Xoja Ahmad Yassaviy hazratlari mangu orom topgan. Bu tabarruk kent biz uchun, avvalo, xalqlarimiz birligi va hamjihatligining yorqin timsolidir.

Hurmatli Prezident Qasim-Jomart Kemelevichning xalqimizning qardosh Qozog‘iston eliga do‘stlik tuhfasi sifatida barpo etilgan muhtasham jome masjidi haqida hozir bildirgan samimiy fikrlari uchun rahmat aytmoqchiman.

Qozog‘iston rahbariyatining Turkistonning meʼmoriy qiyofasini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan ulkan bunyodkorlik ishlari ushbu ko‘rkam maskanni qardosh xalqlarimizning umumiy maʼnaviy markazlaridan biriga aylantirishi shubhasiz.


Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bugungi uchrashuvimiz jahonda turli ziddiyatlar tobora avj olayotgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi yana-da kuchayib, global institutlarning o‘rni va taʼsiri borgan sari zaiflashmoqda. Bu muammolar bizdan o‘zaro muloqotlarni faollashtirib, muhim masalalar bo‘yicha uyg‘un pozitsiyalarni ishlab chiqishni taqozo etmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Turkiy dunyoning integratsiyasi bu xalqlarimiz taqdiriga bevosita daxldor bo‘lgan uzoq muddatli strategik masaladir.

So‘nggi yillarda Turkiy davlatlar tashkiloti barqaror rivojlanish surʼatlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. Masalan, 2025-yilda davlatlarimizning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshdi va uning dinamikasi global o‘sishdan ikki barobar yuqori (6,8 foiz) bo‘ldi.

O‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga o‘sdi (11 milliard dollar). Joriy yildan Turkiy investitsiya jamg‘armasi operatsion faoliyatini boshladi, Markaziy banklar kengashi, Yashil moliyalashtirish bo‘yicha Turkiy kengash ishi yo‘lga qo‘yildi.

Bularning barchasi Tashkilotimizning institutsional jihatdan tobora mustahkamlanib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.


Qadrli do‘stlar!

Oldimizda ko‘p qirrali munosabatlarimizga tizimli tus berish bo‘yicha dolzarb vazifalar turibdi.

Bugungi sammitning sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusiga bag‘ishlangani bejiz emas. O‘lkalarimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ bobolarimiz – Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo‘shib, shu tariqa hozirgi sunʼiy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar.

Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz. Bu yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun bir qator tashabbuslarni ilgari surmoqchiman.

Birinchidan, Tashkilotimiz doirasida sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish – bugungi davr talabi.

Mazkur samarali mexanizm orqali biz iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini belgilash, bulutli va kvant hisoblash texnologiyalarini rivojlantirish, ochiq va zamonaviy yagona raqamli makonni yaratish imkoniga ega bo‘lamiz.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda xorijiy investorlar bilan data markazlar yaratishga 6 milliard dollar sarmoya jalb etmoqda. Biz mintaqadagi data markazlarini yuqori tezlikdagi aloqa kanallari bilan bog‘laydigan “Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi”ni ishlab chiqishni taklif etamiz. Mazkur sohadagi amaliy aloqalarimizni yana-da kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida aʼzo davlatlar ishtirokida Texnologiyalar forumini o‘tkazishni reja qilganmiz.

Ikkinchidan, ilm-fan, taʼlim va yoshlar masalalarida hamkorlikni chuqurlashtirish – umumiy maqsadimiz.

Ilmiy-maʼnaviy merosni puxta o‘rganish va targ‘ib etish uchun Toshkent shahrida barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqaviy yirik ilmiy-maʼrifiy maskanga aylanib bormoqda. Shu kunlarda majmuada TURKSOYning ofisi ochilganini olqishlaymiz. Ushbu markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan tarixiy-madaniy manbalarimizni yagona “katta maʼlumotlar” platformasiga jamlasa, xalqlarimiz uchun foydali ish bo‘lar edi.

Shu bilan birga, Yassaviy tariqatining bag‘rikenglik va maʼrifatparvarlik g‘oyalarini hamkorlikda chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etishni taklif qilamiz.

Xabaringiz bor, shu yil Xiva shahriga “Turkiy dunyo yoshlari poytaxti” maqomi berildi. Bu qaror, ayniqsa, o‘g‘il-qizlarimizga kuchli motivatsiya bag‘ishladi. Tadbirlar doirasida Yosh liderlar forumi va Xalqaro yoshlar festivalini o‘tkazishga tayyormiz.

Aytish joizki, biz shiddat bilan o‘zgarayotgan zamon talablariga mos va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash maqsadida “5 million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturini amalga oshiryapmiz. Hozirga qadar mazkur loyiha orqali 1 milliondan ortiq o‘g‘il va qizlarimiz boshlang‘ich ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Yoshlarning istiqbolli startaplari, innovatsion ishlanmalari, sunʼiy intellektga asoslangan turli yechimlarini moliyalashtirish uchun biz Qozog‘iston bilan tuzayotgan Qo‘shma venchur jamg‘armasiga Tashkilotning barcha aʼzolarini qo‘shilishga chorlaymiz.

Uchinchidan, transport bog‘liqligini yaxshilash uchun raqamli logistika platformalarini yaratish va integratsiya qilish dolzarb ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda O‘zbekiston va Tashkilotga aʼzo barcha davlatlar o‘rtasida “Ye-Permit” elektron ruxsatnomalar tizimi to‘liq ishga tushirilganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchiman. O‘rta koridorning strategik rolidan kelib chiqib, biz uni ayni paytda qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li bilan bog‘lashga katta eʼtibor qaratamiz.

Chegaralarda bojxona va tranzit tartib-taomillarini yengillashtirish bo‘yicha imzolangan Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi haqidagi bitimni hayotga tatbiq etish hamda maʼlumotlar almashuvini to‘liq raqamlashtirishimiz zarur. Bu logistika zanjirlari bo‘ylab maʼlumotlar uzatish, yuklarni kuzatish va jarayonlarni uyg‘un holda tashkil etish imkonini beradi.

To‘rtinchidan, ekologik muammolar va iqlim o‘zgarishi davlatlarimizdan muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishni talab etmoqda.

Bu kabi muammolarga samarali yechim topish uchun sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari asosida Turkiy davlatlar tashkiloti iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish muhim. Bunda qurg‘oqchilikni barvaqt aniqlash, tuproqning yemirilishi va muzliklarning erishi bilan bog‘liq holatni doimiy kuzatib borish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasiga sunʼiy intellektni joriy etishga eʼtibor qaratish lozim.

Toshkentdagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida Turkiy davlatlar yoshlari uchun 2026-2027-o‘quv yillarida 50 ta grant ajratildi. Yoshlarimizni ushbu imkoniyatdan unumli foydalanishga chaqiramiz.

Ekologiya masalalariga eʼtiborni yana-da kuchaytirish maqsadida Tashkilotimiz doirasida 2027-yilni “Tabiatni asrash yili” deb eʼlon qilishni taklif etamiz.

Fursatdan foydalanib, sizlarni joriy yilda Samarqandda o‘tadigan Global ekologik jamg‘arma assambleyasida va Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumida faol ishtirok etishga chaqiraman.

Yana bir masala. Terrorizm, ekstremizm va yot oqimlarga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz. Bu jarayonda kiberxavfsizlik sohasidagi aloqalarni kengaytirish va zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, tezkor axborot almashish dolzarb ahamiyatga ega.

Yangi tahdidlarni aniqlash va ularning oldini olish uchun turkiy dunyo doirasida yagona xavfsizlik va ishonch makonini yaratishimiz lozim. Bu borada umumiy mexanizm – Kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha Turkiy alyansni tuzish tashabbusini ilgari suraman.

Shuningdek, sunʼiy intellektdan foydalanishda etika va axloq meʼyorlariga qatʼiy rioya qilish, ayniqsa, muhim. Joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Tashkilot tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining qo‘shma uchrashuvida bu masalalarga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.

Qadrli do‘stlar!

Ulug‘ ajdodimiz Ahmad Yassaviy hazratlarining “Devoni hikmat” asarida birdamlik va ahillik borasida taʼkidlagan quyidagi satrlari bugungi kunda yana-da teranroq namoyon bo‘lmoqda:

Turkiy elga mehr qildim,

Birlik yo‘lin haq deb bildim.

Biz yangi davrda davlatlarimizning intellektual salohiyati va bunyodkorlik qudratini birlashtira olsak, hech shubhasiz, turkiy dunyo ilg‘or yechimlar, barqaror taraqqiyot makoniga aylanadi.

Asosiy maqsadimiz – farzandlarimizga nafaqat buyuk tariximizni, balki kelajak avlodlarimiz ham faxrlansa arziydigan bebaho merosni qoldirishdir.

Bugun qabul qilinadigan Turkiston deklaratsiyasi tili va dili bir-biriga chambarchas bog‘langan xalqlarimizning ezgu niyatlarini yana-da mustahkamlab, “Turkiy dunyo nigohi – 2040” konsepsiyasida belgilangan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida navbatdagi muhim qadam bo‘ladi deb ishonaman.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish