FIFA so‘rovnomasida Eldor Shomurodovning goli ikkinchi eng chiroyli gol bo‘ldi
Iyul 28, 2026. 12:00 • 2 daq
• 9
TOSHKENT, 28-iyul /“Dunyo” AA/. FIFAning maʼlum qilishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning 2026 yilgi jahon chempionatida Kongo DR darvozasiga urgan ajoyib goli “Mundialning eng chiroyli goli” so‘rovnomasida 2-o‘rinni egalladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Eldor Shomurodov guruh bosqichining uchinchi turida Kongo DRga qarshi uchrashuvning 10-daqiqasida to‘pni darvozabonning ustidan oshirib gol kiritgandi. Ushbu gol FIFA tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada muxlislar va futbol mutaxassislari tomonidan mundialning eng chiroyli gollaridan biri sifatida eʼtirof etildi.
Quvonarlisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovning ushbu goli 2026-yilgi Jahon chempionati guruh bosqichining eng chiroyli goli deb topilgan edi.
Muxlislar turnirning eng chiroyli goli muallifi sifatida Kabo-Verde terma jamoasi himoyachisi Sidni Lopesh Kabralning Argentinaga qarshi 1/16 final bahsida urgan golini birinchi o‘ringa munosib deb topdi. Sidni Kabralning taʼkidlashicha, golni nishonlash uchun tribuna tomon yugurganida onasi Tereza hayajondan hushidan ketgan.
“O‘yindan oldin onamga gol ursam, uning oldiga yugurishimni aytgandim. Yetib borganimda onam yig‘layotganini ko‘rdim, ammo u hatto mening yoniga kelganimni ham sezmayotgandi. Atrofdagilar uni hushiga keltirish bilan ovora edi, chunki gol urganimda hushidan ketib qolgan ekan”, – degan Lopesh Kabral.
FIFA so‘rovnomasida Eldor Shomurodovning goli ikkinchi, Gaiti terma jamoasi futbolchisi Vilson Isidorning goli esa uchinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan.
Eng chiroyli gol sovrini uchun daʼvogarlar qatorida Lionel Messi, Kilian Mbappe, Erling Xoland, Xulian Alvares, Jud Bellingem, Ferran Torres kabi yulduz futbolchilar urgan gollar ham qo‘yilgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi