Fransiya va Ispaniyada o‘rmon yong‘inlari sabab 300 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi
Iyul 28, 2026. 11:30 • 3 daq
• 64PARIJ, 28-iyul. /“Dunyo” AA/. Fransiya va Ispaniyada anomal issiq, quruq havo va kuchli shamol sababli yuzaga kelgan yirik o‘rmon yong‘inlari natijasida xavfli hududlardan 300 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Deutsche Welle” mediakompaniyasiga tayanib.
Fransiyaning janubi-g‘arbida bir necha kundan buyon yong‘inlar davom etmoqda. Asosiy yong‘in o‘choqlari maʼmuriy markazi Bordo shahri bo‘lgan Jironda departamentida joylashgan. Rasmiylar u yerdagi alangani “o‘ta shiddatli va oldindan aytib bo‘lmaydigan” deb taʼriflamoqda.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakatdagi hozirgi yong‘inlarni Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan buyon kuzatilgan eng kuchli o‘rmon yong‘inlari deb atadi. Bordo yaqinida esa olovni hali to‘liq nazoratga olishning imkoni bo‘lmayapti.
Mintaqada kamida 240 ta uy vayron bo‘lgan, biroq Bordo meri shaharni evakuatsiya qilishga hojat yo‘qligini bildirgan. Aksincha, hozirda u yerga boshqa aholi punktlaridan olib kelingan minglab odamlar joylashtirilgan.
Fransiya Milliy o‘t o‘chiruvchilar federatsiyasi (FNSPF) bayonotiga ko‘ra, o‘rmonlardagi kuchli alangalar natijasida yong‘inlar ustida paydo bo‘layotgan momaqaldiroqli bulutlar vaziyatni yana-da og‘irlashtirmoqda. Jumladan, ular kuchli shamol esishiga sabab bo‘lishi va yangi yong‘inlarni keltirib chiqaruvchi chaqmoqlarga olib kelishi mumkin.
Tabiiy ofatga qarshi kurashish uchun mintaqaga 2,5 mingga yaqin o‘t o‘chiruvchi, 1,5 ming harbiy xizmatchi va 1,2 ming politsiyachi safarbar etilgan.
Ispaniyada asosiy yong‘inlar mamlakatning markaziy hududlarida, Madrid yaqinida sodir bo‘lmoqda. U yerdan, markaziy provinsiyalar – Avila va Toledodan hamda sharqiy sohilbo‘yida joylashgan Kastelondan 75 mingga yaqin odam evakuatsiya qilindi.
Shu bilan birga, mamlakat sharqidagi Valensiya hududida yong‘inlar aynan dam olish kunlari yangi kuch bilan avj oldi. Evakuatsiya qilinganlarning 15 ming nafari shu hudud hissasiga to‘g‘ri keladi.
Yevropa Ittifoqining tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish mexanizmi doirasida Fransiya va Ispaniyaga boshqa Yevropa davlatlari tomonidan qo‘shimcha kuch va texnika yuborilmoqda.
Yevrokomissiya maʼlumotiga ko‘ra, yong‘inlarga qarshi kurash uchun 13 ta samolyot, 4 ta vertolyot va 41 ta maxsus transport vositasi jalb etilgan. Shuningdek, qariyb 130 nafar qutqaruvchi yordamga yuborilgan. Operatsiyada Germaniya ham ishtirok etmoqda.
Fransiya va Ispaniyaga Yevropa Ittifoqining “Copernicus” Yerni kuzatish dasturi orqali sunʼiy yo‘ldosh tasvirlari ham taqdim etilmoqda. Ular yong‘in o‘choqlari va olov tarqalishini kuzatishda qutqaruv xizmatlariga yordam beradi.
“Deutsche Welle” surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



