Mundial–2026: 48 jamoa orasidan Ispaniya chempion!

Iyul 20, 2026. 11:30 • 3 daq

338
Mundial–2026: 48 jamoa orasidan Ispaniya chempion!
Mundial–2026: 48 jamoa orasidan Ispaniya chempion!
Mundial–2026: 48 jamoa orasidan Ispaniya chempion!
Mundial–2026: 48 jamoa orasidan Ispaniya chempion!

NYU-YORK, 20-iyul. /“Dunyo” AA/. AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tgan 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘z nihoyasiga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etgan mundial nafaqat yangi format, balki keskin bahslar, tarixiy rekordlar va yorqin individual natijalari bilan ham yodda qoldi.

Turnir finalida Ispaniya terma jamoasi amaldagi jahon chempioni Argentinani qo‘shimcha vaqtda 1:0 hisobida mag‘lub etib, o‘z tarixida ikkinchi bor jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.

“MetLife” stadionida bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi uchrashuvning asosiy vaqtida hisob ochilmadi. Bellashuv taqdirini qo‘shimcha bo‘limlarda Ferran Torres hal qildi. Uning 106-daqiqada urgan yagona goli Ispaniyaga tarixiy g‘alabani taqdim etdi. Shu tariqa ispanlar 2010-yildan keyin ikkinchi marta jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Argentina esa o‘z tarixidagi yettinchi Jahon chempionati finalida to‘rtinchi marta mag‘lubiyatga uchradi.

Turnir yakunlariga ko‘ra, Ispaniya milliy terma jamoasi vakillari deyarli barcha asosiy individual sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb jamoa sardori Rodri eʼtirof etildi. U butun turnir davomida barqaror va yuqori saviyadagi o‘yini bilan Ispaniyaning chempionligiga katta hissa qo‘shdi. Bu muvaffaqiyat orqali Rodri Jahon chempionligi, Chempionlar ligasi va “Oltin to‘p” sovrinlarini qo‘lga kiritgan futbolchilarning noyob ro‘yxatiga kirdi.

Mundialning eng yaxshi darvozaboni sovrini ham Ispaniya vakili Unai Simonga nasib etdi. Tajribali posbon 8 ta uchrashuvning 7 tasida darvozasini daxlsiz saqladi va musobaqa davomida atigi bitta gol o‘tkazib yubordi. U bir mundial doirasida eng ko‘p “quruq” o‘yin o‘tkazish hamda darvozasi daxlsizligini saqlash davomiyligi bo‘yicha Jahon chempionatlari tarixida yangi rekordlarni o‘rnatdi.

Eng yaxshi yosh futbolchi sovrini Ispaniyaning yana bir iqtidorli vakili – 19 yoshli Pau Kubarsiga topshirildi. Turnir oldidan bu mukofotga asosiy daʼvogar sifatida Lamin Yamal ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, yakunda hakamlar tanlovi Kubarsi foydasiga hal bo‘ldi.

Musobaqaning eng yaxshi to‘purari esa Fransiya terma jamoasi hujumchisi Kilian Mbappe bo‘ldi. U mundial davomida 10 ta gol urib, Jahon chempionatlari tarixidagi umumiy gollari sonini 22 taga yetkazdi va mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha rekordchilik mavqeini yana-da mustahkamladi.

Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahs ham muxlislarga haqiqiy gollar shouini taqdim etdi. Angliya Fransiyani 6:4 hisobida mag‘lub etib, bronza medallarini qo‘lga kiritdi.

Endi futbol muxlislari va mutaxassislari eʼtiborini 2030-yilgi Jahon chempionatiga qaratadi. Navbatdagi mundial tarixda ilk bor uch qitʼa va oltita mamlakatda o‘tkaziladi. Turnirning asosiy o‘yinlariga Ispaniya, Portugaliya va Marokash mezbonlik qiladi. Shu bilan birga, Jahon chempionatining 100 yilligi munosabati bilan ochilish bosqichidagi uchta uchrashuv Urugvay, Argentina va Paragvayda bo‘lib o‘tadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish