O‘zbekistonning yangi elchisi Belarus tashqi ishlar vaziriga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirdi
Iyul 28, 2026. 11:00 • 2 daq
• 68
MINSK, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekistonning yangi elchisi Nuriddin Mamajonovning Belarus tashqi ishlar vaziri Maksim Rijenkovga ishonch yorlig‘i nusxalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida Belarus tashqi ishlar vaziri ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli va samimiy munosabatlar, ijtimoiy-siyosiy masalalarda yaqin pozitsiyalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston–Belarus sheriklik aloqalarining jadal rivojlanayotgani, shu yil 8–9-iyul kunlari oliy darajadagi muzokaralar davomida berilgan topshiriqlar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr-mulohaza almashdi.
Suhbat jarayonida o‘zaro savdo aylanmasini 2 mlrd dollarga olib chiqish, hududlararo munosabatlarni jadal rivojlantirish, bunda Andijon–Vitebsk tajribasini ikki davlatning barcha hududlari o‘rtasida keng yoyish bo‘yicha ham tegishli taklif va tashabbuslar bildirildi.
Shu bilan birga, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da belgilangan maqsadli loyihalarni to‘liq amalga oshirish, ikki davlat savdo-iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
“Davlatlarimiz rahbarlari bizga o‘zaro hamkorlikni yangi cho‘qqiga olib chiqish bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi. Bu borada hamkasbim Baxtiyor Saidov bilan muntazam ishchi va do‘stona muloqotdamiz. Elchilarimizning yangicha sharoitda faoliyat olib borishi bugungi kun talabidir”, – deya taʼkidladi Maksim Rijenkov.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi