O‘zbekiston va Pokiston qo‘shma iqlim tadqiqotlari uchun ekspert mexanizmini yaratadi
Oktabr 22, 2026. 22:00 • 2 daq
• 134
ISLOMOBOD, 22-oktyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro anglashuv memorandumini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Videokonfersiya shaklida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Iqlim o‘zgarishi milliy markazi hamda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) vakillari ishtirok etdi.
Pokistondan esa Iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit masalalarini muvofiqlashtirish vazirligi, Global iqlim o‘zgarishi ta’sirini o‘rganish markazi hamda Atrof-muhitni o‘rganish agentligi rahbarlari qatnashdi.
Muloqot chog‘ida “Green University” va Pokistonning turdosh universitetlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, Osiyo tuvalog‘ini muhofaza qilish, Markaziy Osiyo uchish yo‘li (CAF) doirasida ko‘chib yuruvchi qushlarni muhofazalash, qo‘shma tadqiqot ishlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Har ikki tomon uchun dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish, havoning ifloslanishi va cho‘llanishga qarshi kurashish, tabiiy ofatlarning oldini olish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
“Green University” vakillari universitet faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotni namoyish etdi. Pokiston tomoni universitet faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish borasida O‘zbekiston tajribasini o‘rganishga yuqori qiziqish bildirdi.
Qo‘shma ishchi guruh yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash, munosabatlarni rivojlantirish hamda xalqaro grant dasturlari doirasida birgalikda tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston tomoni Pokiston vakillarini 2027 yilda mamlakatimizda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Eco Expo” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi