Xitoyda O‘zbekiston turizmi va madaniyati keng namoyish qilindi
Aprel 03, 2026. 10:25 • 2 daq
• 1
GUANCHJOU 3-aprel. /“Dunyo” AA/. Shenchjen shahrida O‘zbekistonning turizm va madaniy salohiyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi hamda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Guandun provinsiyasidan 50 dan ortiq yetakchi turoperatorlar, ishbilarmonlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida xitoylik mutaxassislarga O‘zbekistonning turizm sohasidagi keng imkoniyatlari atroflicha tanishtirildi. Xususan, Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab madaniy-tarixiy yo‘nalishlar, gastronomik turlar, mamlakatning betakror tabiati va ishbilarmonlik turizmi (MICE) uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston bugungi kunda turli toifadagi sayyohlar talablariga javob bera oladigan boy va xilma-xil turizm mahsulotlarini taklif etmoqda.
Anjuman doirasida “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi maxsus brifing o‘tkazdi. Unda Toshkent – Shenchjen yo‘nalishi bo‘yicha yangi muntazam aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgani eʼlon qilindi. Ushbu yo‘nalish O‘zbekistonni Xitoyning yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biri bilan bevosita bog‘laydi.
“Top Tourism Holding” prezidenti Jonson Chenning taʼkidlashicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarning yo‘lga qo‘yilishi sayyohlar oqimini oshirish, ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa tadbirkorlar va sayyohlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tadbirning madaniy qismi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekistonlik sanʼatkorlar ijrosidagi milliy raqs – Lazgi kechaning eng yorqin jihatiga aylandi. U xitoylik mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinib, o‘zbek xalqining boy madaniyati va mehmondo‘stligini namoyon etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi