1-iyundan Maskat–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi
Mart 26, 2026. 11:19 • 2 daq
• 291
MASKAT, 26-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Abdusalom Hotamov O‘mon meros va turizm vaziri Sayyid Ibrohim bin Said al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati va madaniy merosini keng targ‘ib qilish, turkompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Sayyid Ibrohim al-Busaidiy so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida turizm va madaniy sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanyotganini alohida ta’kidladi. U O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yil sayin ortib borayotganini yuqori baholadi.
Shu bilan birga, 2026-yil 1-iyundan Maskat–Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston Prezidentining O‘monga bo‘lajak tashrifi arafasida Masqat shahrida mamlakatimizning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan “Road Show” tadbirini o‘tkazish tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, uni tashkil etishda har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va yaqinlikni oshirish maqsadida O‘zbekiston va O‘monda fotoko‘rgazmalar tashkil etish taklifi ham qo‘llab-quvvatlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi