Hindiston axborot agentligi O‘zbekistonga sayyohlar oqimi oshayotgani va mamlakatimizning xalqaro xavfsizlik reytinglaridagi yuqori o‘rinlari haqida maqola chop etdi
Mart 26, 2026. 18:35 • 2 daq
• 111
DEHLI, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “India Blooms” axborot agentligi O‘zbekistonning turizm sohasidagi yutuqlariga bag‘ishlangan material eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda xorijiy mehmonlar sonining barqaror o‘sishi va mamlakatimizning xavfsiz yo‘nalish sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotgani alohida taʼkidlangan.
Maqolada 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 12 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgani, bu esa o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 16% ga ko‘p ekani haqida so‘z yuritilgan. Turizm eksportidan tushgan daromadlar 4,8 milliard dollarlik marraga yetdi. Material mualliflari bunday yuqori natijalarga infratuzilmani rivojlantirish, transportdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, xizmatlarni raqamlashtirish va yangi turistik klasterlarni tashkil etish borasidagi izchil saʼy-harakatlar samarasida erishilayotganini qayd etgan.
Nashrda viza siyosatiga alohida eʼtibor qaratilgan. “India Blooms” kirish tartib-taomillarining soddalashtirilgani mamlakatimizni sayyohlar uchun yanada jozibador qilganini urg‘ulagan. 94 ta davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim amal qilmoqda, 52 ta mamlakat sayyohlari elektron viza rasmiylashtirish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin, 45 ta davlatdan kelgan mehmonlar uchun esa besh kunlik vizasiz tranzit imkoniyati mavjud, deb yozgan nashr.
“India Blooms” xavfsizlik taʼminlanishini sayyohlar jalb qilishning asosiy omili deb atagan. Materialda O‘zbekistonning yuqori pozitsiyalarini tasdiqlovchi xalqaro reyting maʼlumotlari keltirilgan.
Xususan, “International SOS” xavfsizlik xaritasiga ko‘ra, O‘zbekiston Yevropaning qator davlatlari bilan bir qatorda “past xavf” toifasiga mansub hisoblanadi. “Numbeo” xavfsizlik indeksida mamlakat 148 ta davlat orasida 25-o‘rinni egallab turibdi, shuningdek, yolg‘iz sayohat qiluvchi ayollar uchun xavfsizlik reytingida (“Solo Female Travel Safety Index”) va Xavfsizlikni idrok etish indeksida (“Safety Perceptions Index”) yetakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, “Gallup” global qonun ustuvorligi va tartib indeksida ham yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Nashr mualliflari Buyuk ipak yo‘lining boy tarixiy-madaniy merosini asrab kelayotgan O‘zbekiston turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, viza qoidalarini liberallashtirish va tan olingan xavfsizlik darajasi tufayli xalqaro sayyohlar uchun hamyonbop, qulay va ishonchli yo‘nalish sifatidagi mavqeini izchil mustahkamlab borayotgani haqida fikr bildirgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi