Logo

Pokistonlik ishbilarmonlar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda

Aprel 03, 2026. 09:27 • 3 daq

41
Pokistonlik ishbilarmonlar O‘zbekiston bozoriga katta qiziqish bildirmoqda

ISLOMOBOD, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning yirik biznes tuzilmalaridan biri – “Yunus Brothers Group” boshqaruvi kengashi aʼzosi va “Tabba Group” kompaniyasi rahbari Muhammad Sohayl Tabba bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonda to‘qimachilik va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini samarali taʼminlash maqsadida tashkil etildi.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston vakilini mamlakatimizda to‘qimachilik va yengil sanoat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yaratilgan qulay shart-sharoitlar, paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyati hamda maxsus iqtisodiy zonalar imkoniyatlari bilan tanishtirdi. O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasida mazkur sohadagi hamkorlikni kengaytirish uchun mavjud salohiyat, Karachi shahridagi O‘zbekiston savdo uyi faoliyati haqida batafsil taʼkidlandi.

2025-yil fevral oyida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan to‘qimachilik korxonalarini pokistonlik investorlarga ishonchli boshqaruvga berish tashabbusi katta qiziqish uyg‘otgani qayd etildi.

Pokiston tomoniga yurtimizda gazlama mato ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish, O‘zbekistondagi kam quvvatli to‘qimachilik korxonalarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklif etildi.

O‘z navbatida, Muhammad Sohayl Tabba O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurgani, ayniqsa, Samarqand shahri unda katta taassurot qoldirganini aytib o‘tdi. O‘zbek milliy taomlari, non, manti, somsa, mevalardan yong‘oq va anjir taʼmini eʼtirof etdi. U mamlakatimizning to‘qimachilik sohasidagi imkoniyatlarini yaxshi bilishini maʼlum qildi.

“YBG” boshqaruvi kengashi aʼzosi ilgari surilgan takliflarga katta qiziqish bildirib, O‘zbekistondan ishonchli sheriklar bo‘lsa to‘qimachilik sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini taʼkidladi .

“Farmatsevtika, energetika va mashinasozlik sohalarida ham investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqishga tayyormiz. Biz Karachida “Kia” avtomobillarini ham ishlab chiqaramiz, O‘zbekistonda dunyoga mashhur brenddagi yengil avtomobillar ishlab chiqarilishidan xabarimiz bor. Bu yo‘nalishda ham birgalikda loyihalarni amalga oshirishdan xursand bo‘lamiz”, – dedi u.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari ishtirokida dastlab onlayn uchrashuvlar tashkil etish hamda kompaniya delegatsiyasining mamlakatimizga biznes-missiyasini uyushtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish