Stokgolmda O‘zbekistonning turizm salohiyatini raqamli targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi
Mart 30, 2026. 11:06 • 2 daq
• 202
STOKGOLM, 30-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi vakillari Shvetsiyaning “Your Brand Travel” (Xbrandify) kompaniyasi bosh direktori Tamer Xayri bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi, shuningdek, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlarning xalqaro jozibadorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar “Ipak yo‘li” yo‘nalishi bo‘ylab, shu jumladan “Xbrandify” platformasida sun’iy intellektdan foydalangan holda brendlashtirilgan sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish istiqbollarini muhokama qildilar.
Skandinaviya turizm bozorida O‘zbekistonni ilgari surish, jumladan, premium turizm va tematik marshrutlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xorijiy sayyohlarning qiziqishini oshirish, madaniy meros va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirgan noyob mahsulot yaratishga qaratilgan qo‘shma loyihalar imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar “Your Brand Travel” vakillarining O‘zbekistonga amaliy tashrifini o‘tkazish va mamlakatimiz sayyohlik yo‘nalishlarini targ‘ib qilishda zamonaviy raqamli vositalarni joriy etish imkonini beruvchi “AI Travel” pilot loyihasini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi