JCH-2026 mezbonlari turnirni boshlab berishda davom etmoqda: navbat Kanada va AQSHga

Iyun 12, 2026. 16:30 • 2 daq

73
JCH-2026 mezbonlari turnirni boshlab berishda davom etmoqda: navbat Kanada va AQSHga

VASHINGTON-OTTAVA, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionati mezbonlaridan biri bo‘lgan Kanada mundial doirasidagi o‘zining ilk uchrashuvini o‘tkazadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“B” guruhida Kanada terma jamoasi Bosniya va Gersegovinaga qarshi kuch sinashadi. Bellashuv Torontodagi “Bi-mo Fild” stadionida, Toshkent vaqti bilan 23:59da boshlanadi. O‘yinni argentinalik FIFA referisi Fakundo Telyo boshqarib boradi.

Ta’kidlash joizki, 13-iyun kuni (Amerikada 12-iyun) Toshkent vaqti bilan 06:00da JCH-2026ning yana bir mezbon davlat – Qo‘shma Shtatlar “D” guruhi doirasida Paragvay terma jamoasiga qarshi o‘zining birinchi bahsini o‘tkazadi. Uchrashuv Los-Anjelesdagi “Sou-Fay” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bosh hakam etib niderlandiyalik Denni Makkeli tayinlangan.

JCH-2026ning ilk o‘yinida turnirning yana bir mezboni – Meksika Mexiko shahridagi “Asteka” stadionida Janubiy Afrika jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. “A” guruhining boshqa bir bahsida esa Janubiy Koreya terma jamoasi Chexiyadan 2:1 hisobida ustun keldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, birinchi o‘yinini 18-iyun kuni Kolumbiyaga (Toshkent vaqti bilan 07:00), 23-iyun kuni Portugaliyaga (22:00) va 28-iyun kuni Kongo DRga (04:30) qarshi o‘tkazadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish