Xuleta Serra: Samarqandda yig‘ilib, tajriba almashish va siyosiy masalalarga birgalikda yechim izlash imkoniga ega bo‘ldik
Sentabr 06, 2026. 17:00 • 2 daq
• 52
SAMARQAND, 6-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Urugvay parlamenti deputati, Parlamentlararo Ittifoq Yosh parlamentariylar byurosi a’zosi Xuleta Serra “Dunyo” AA muxbiriga eksklyuziv intervyu berib, Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Yosh parlament a’zolarining XII Global konferensiyasi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Bugungi murakkab davrda biz, yosh parlament a’zolari, bir joyga yig‘ilishimiz juda muhim. Chunki hozir dunyoda murakkab vaziyatlar tobora ko‘paymoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri mojarolar kuzatilmayotgan mamlakatlarda ham yoshlar global inqiroz oqibatlariga duchor bo‘layapti.
Yoshlar ish topish va iqtisodiy mustaqillikka erishishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Uy-joy masalasi dolzarbligicha qolmoqda. Inson ruhiyatiga bosim ortib borayapti.
Biz bu masalalarni muhokama qilganimizda, ko‘p hollarda ular faqat bir davlat doirasidagi muammo emasligini his qilamiz. Ushbu muammolar butun dunyo yoshlariga birdek ta’sir ko‘rsatmoqda.
Samarqandda yig‘ilib, tajriba almashish va siyosiy masalalarga birgalikda yechim izlash imkoniga ega bo‘ldik. Biz turli mamlakatlarga xos muammolar bilan birga, ko‘p davlatlarda uchraydigan umumiy masalalarni ham muhokama qildik. Bunday muloqot bir-birimizni yaxshiroq tushunish va davlat siyosati uchun yanada samarali yondashuvlarni ishlab chiqishga yordam beradi.
Bu jarayonda yoshlarning eng himoyaga muhtoj qatlamiga alohida e’tibor qaratish lozim. Kam ta’minlangan oilalardan chiqqan yoshlarda jamiyatning boshqa a’zolariga nisbatan imkoniyatlar kamroq bo‘ladi.
Agar biz haqiqatan ham adolatli dunyo qurishni istasak, yoshlarga ta’lim olish, munosib ish topish, iqtisodiy imkoniyatlardan foydalanish hamda jamiyat va siyosiy hayotda to‘liq ishtirok etish uchun teng sharoit yaratishimiz kerak.
Eng muhimi, bizning muhokamalarimiz konferensiya doirasida qolib ketmasligi kerak. Biz o‘z mamlakatlarimizga aniq g‘oya va takliflar bilan qaytishimiz, keyin esa ularni amalga oshirish uchun mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz zarur.
Bunday uchrashuvlarning amaliy ahamiyati ham shunda. Ya’ni, mavjud muammolarni shunchaki muhokama qilish emas, balki o‘z yurtimizga qaytganimizdan so‘ng aniq choralarni amalga oshirishimiz kerak.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi