“Petra” AA: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqa merosini o‘rganishga xizmat qilmoqda

Iyun 23, 2026. 09:00 • 2 daq

102
“Petra” AA: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqa merosini o‘rganishga xizmat qilmoqda

AMMON, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning “Petra” AAda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Qayd etilishicha, markaz faoliyati islom sivilizatsiyasi tarixini o‘rganish va ommalashtirish, qo‘lyozma merosni asrash, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda sivilizatsiyalararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan.

Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan markaz 2017-yilda ilgari surilgan tashabbus asosida tashkil etilgan bo‘lib, uning rasmiy ochilish marosimi 2025-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan.

Majmua tarkibidan muzey, ko‘rgazma zallari, kutubxona, qo‘lyozmalarni qayta tiklash va raqamlashtirish laboratoriyalari, shuningdek, ilmiy-ta’lim bo‘linmalari o‘rin olgan. Ayniqsa, Xalifa Usmon ibn Affonga nisbat beriladigan Qur’on qo‘lyozmasi namoyish etilayotgan Muqaddas Qur’on zali alohida ahamiyatga ega.

Shu bilan birga, markaz Movarounnahr ulamolari merosini asrash va o‘rganish ishlarini olib boradi. Zamonaviy multimedia texnologiyalari esa tashrif buyuruvchilarga mintaqa tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Markaz nafaqat tarixiy merosni asrash, balki bag‘rikenglik, tinch-totuvlik, madaniyatlararo va dinlararo muloqot kabi umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilishga ham xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish