Logo

“Times of Central Asia”: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi — xotira, ilm-fan va milliy o‘zlikning yangi timsoli

Mart 17, 2026. 19:37 • 2 daq

98
“Times of Central Asia”: Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi — xotira, ilm-fan va milliy o‘zlikning yangi timsoli

TOSHKENT, 17-mart. /“Dunyo” AA/. Markaziy Osiyo mintaqasining yetakchi nashrlaridan biri — “Times of Central Asia”da Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishiga bag‘ishlangan keng qamrovli maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning qayd etishicha, 2026-yil 17-mart kuni o‘z eshiklarini ochayatgan ushbu Markaz zamonaviy O‘zbekistonning eng salmoqli madaniy loyihalaridan biridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur muassasa shunchaki muzey emas, balki mamlakatning tarixiy xotira, ilm-fan va milliy o‘zlik borasidagi xalqaro bayonotidir.

Maqolada taʼkidlanishicha, Toshkentning tarixiy “Xast-Imom” majmuasida qad rostlagan ushbu binoning meʼmorchiligi o‘zgacha ramziy maʼnoga ega. Binoning 65 metrli gumbazi va to‘rtta portali O‘zbekiston hududlarining birligini anglatadi. Ichki dizayn esa tashrif buyuruvchilarni din, ilm-fan va davlatchilik tarixi bo‘ylab sayohatga chorlaydi.

“Times of Central Asia” Markazning o‘ziga xosligini uning keng ko‘lamli imkoniyatlari bilan bog‘laydi. Bu yerda muzey zallari bilan bir qatorda kutubxona, restavratsiya va raqamlashtirish laboratoriyalari, ilmiy va arxiv bo‘limlari mavjud. Markaz Bag‘doddagi “Bayt ul-hikma”, Xorazm Maʼmun akademiyasi va Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi kabi tarixiy ilm maskanlaridan ilhomlangan holda “muzey-tadqiqot gibridi” sifatida faoliyat yuritadi.

Loyihaning “konseptual yuragi” bo‘lgan Qurʼon zali alohida tilga olingan. Uning markazida YUNESKOning «Jahon xotirasi» reyestriga kiritilgan, VII asrga oid mashhur Usmon Musʼhafi joylashgan. Shuningdek, galereyada islom xattotligi evolyutsiyasini aks ettiruvchi 114 ta Qurʼon nusxasi namoyish etilgan.

Maqolada Markazning xalqaro hamkorlik natijasi ekaniga ham urg‘u berilgan. Ekspozitsiyalarni tayyorlashda Fransiyaning “Wilmotte & Associés” va Italiyaning “Magister Art” kabi kompaniyalari, shuningdek, yuzlab mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan. Ikki mingga yaqin nodir qo‘lyozma va osori-atiqalar xalqaro hamkorlik doirasida vatanga qaytarilgan.

Xulosa o‘rnida “Toshkent shunchaki yangi muzeyni taqdim etayotgani yo‘q. U o‘zining ilm-fan chorrahasi sifatidagi tarixiy maqomini qayta tiklamoqda. Markazning BMT Sivilizatsiyalar alyansi bilan imzolagan memorandumi esa uning global miqyosdagi maʼrifiy va gumanitar ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi”- deya taʼkidlangan nashrda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish