Logo

“Hormuz” gazetasi: Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy davrning eng ulkan madaniy loyihalaridan biriga aylanmoqda

Mart 16, 2026. 18:50 • 3 daq

106
“Hormuz” gazetasi: Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy davrning eng ulkan madaniy loyihalaridan biriga aylanmoqda

MASKAT, 17-mart. /“Dunyo” AA/. O‘monning ommabop “Hormuz” gazetasida “Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi 2026-yilning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritildi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda qayd etilishicha, ushbu markaz Markaziy Osiyodagi eng yirik madaniy, ilmiy va gumanitar majmua hisoblanadi. U qariyb 10 gektar maydonni egallagan bo‘lib, bino uch qavatdan iborat. Inshootda bosh muzey, ilmiy-tadqiqot markazi va 200 ming jildlik zamonaviy kutubxona joylashgan. Loyiha Markaziy Osiyoning mumtoz islom meʼmorchiligi, xususan, Temuriylar davri oltin davridan ilhomlangan holda ishlab chiqilgan.

Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro “Prix Versailles” mukofoti tomonidan 2026 yil uchun dunyoning eng go‘zal muzeylari qatoriga kiritilgan. Markaz binosini feruza mozaikali ulkan gumbaz hamda Samarqanddagi Registon majmuasi va Buxoroning tarixiy darvozalaridan ilhomlangan, O‘zbekistonning to‘rtta mintaqasini ifodalovchi 34 metr balandlikdagi to‘rtta simmetrik darvoza bezab turibdi. Balandligi bo‘yicha Gollivud belgisidan to‘rt baravar, hajmi bo‘yicha Oq uydan yetti baravar katta bo‘lgan ushbu markaz O‘zbekistonning meʼmorchilikda ham ulkan salohiyatga ega davlat ekanini namoyon etadi.

“Bu markaz nafaqat meʼmoriy go‘zalligi bilan, balki islom uyg‘onish davrining oltin asri va Yangi O‘zbekiston o‘rtasidagi jonli ko‘prik sifatida ham qadrostlab turibdi. Majmuada 2000 dan ortiq noyob qo‘lyozmalar va noyob tarixiy ashyolar, jumladan, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, milodiy VII asrga oid eng qadimgi Qurʼon qo‘lyozmalaridan biri saqlanadi”, deya maʼlumot berilgan maqolada.

Muzeyda virtual reallik va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv ko‘rgazma zallari, restavratsiya laboratoriyalari, hunarmandchilik ustaxonalari, bolalar muzeyi, tadqiqot va xalqaro konferensiya zallari mavjud. O‘zbekistonning islom ilm-fani va madaniyatidagi tarixiy o‘rnini Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Al-Beruniy kabi allomalar tarixidan hikoya qiluvchi ko‘rgazmalar orqali yoritish, bag‘rikenglik va madaniyatlararo muloqot qadriyatlarini targ‘ib qilishga eʼtibor qaratilgan.

Markaz “Smithsonian”, “National Geographic”, “BBC Travel”, “History” va “CNN” kabi xalqaro tashkilotlar va nufuzli xorijiy OAVning yuksak eʼtirofga sazovor bo‘ldi. Chet eldagi yetakchi ekspertlar mazkur majmuani “Zamonaviy davrning eng ulkan madaniy loyihalaridan biri” deb baholadi. “BBC” markazni 2026-yilda ochilishi kutilayotgan eng yaxshi oltita muzey ro‘yxatiga kiritdi.

Ushbu majmua Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bunyod etildi. Markaz direktori Firdavs Abdulxoliqovning taʼkidlashicha, markaz O‘zbekistonning jahon madaniy xaritasidagi o‘rnini yana-da mustahkamlab, uning moddiy-maʼnaviy merosini butun dunyoga tanitadi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish