“Infora News”: So‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2,7 barobarga oshdi
May 19, 2026. 09:25 • 3 daq
• 15
ISLOMOBOD, 19-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Infora News” elektron nashri “Turkiy makon iqtisodiy integratsiyasi markazida O‘zbekiston” sarlavhali maqolani eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda qayd etilishicha, jahon logistikasidagi o‘zgarishlar fonida turkiy makonning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ga aʼzo mamlakatlar Markaziy Osiyo, Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozorlarini bog‘lovchi Yevroosiyoning eng yirik quruqlik hududlaridan birini shakllantiradi.
“Shu jarayonda O‘zbekiston mintaqada eng jadal rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylanmoqda. So‘nggi besh yil ichida mamlakat Garvard universitetining Iqtisodiy murakkablik atlasida 28 pog‘onaga ko‘tarilib, 145 davlat orasida 70-o‘rinni egalladi. Eksportning o‘rtacha yillik o‘sishi 13,4 foizni tashkil etdi, energiya resurslaridan tashqari eksport esa yiliga o‘rtacha 17 foizga oshib, mintaqaviy hamda jahon o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan yuqori natija qayd etdi”, – deb yozilgan maqolada.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistonning TDT doirasidagi hamkorligi 35 dan ortiq yo‘nalishni qamrab olgan. Shu bilan birga, o‘zaro hamkorlikning iqtisodiy tarkibi ham kuchaymoqda. So‘nggi to‘qqiz yilda O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi 2,7 barobarga oshdi.
Shuningdek, materialda TDT doirasida O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkorlari Qozog‘iston va Turkiya bo‘lib qolayotgani maʼlum qilinadi.
“To‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun transport bog‘liqligini rivojlantirish tashqi savdoni kengaytirish va xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashuvning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli transport sohasi TDT doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda”, – deya urg‘ulangan manbada.
Tashkilotga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmining o‘sishi transport oqimlarining sezilarli kengayishi bilan ham kuzatilmoqda. Eng faol yuk tashish aloqalari Qozog‘iston bilan saqlanib qolmoqda, chunki O‘zbekistonning Rossiya, Kavkaz va Yevropa yo‘nalishidagi asosiy quruqlik marshrutlari aynan shu davlat hududidan o‘tadi. Shuningdek, Ozarbayjon va Turkiya bilan transport sohasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanib bormoqda.
Maqola xulosasida yozilganidek, “O‘zbekistonning TDT norasmiy sammitidagi ishtiroki tobora amaliy iqtisodiy mazmun kasb etdi. Savdo-sotiqni kengaytirish, multimodal transport yo‘laklarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, investitsiyaviy hamkorlik va raqamli bog‘liqlikni kuchaytirish Yevroosiyo mintaqasidagi ishlab chiqarish va logistika zanjirlariga yana-da chuqur integratsiyalashuv uchun mustahkam asos yaratdi”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“World News Pakistan”: O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan



