Eron va O‘mon Ho‘rmuz bo‘g‘ozini boshqarishning yangi mexanizmini muhokama qilmoqda
Iyul 03, 2026. 15:30 • 3 daq
• 36
TEHRON–MASKAT, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Eron va O‘mon AQSHga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini birgalikda boshqarish mexanizmini taklif qildi, unga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish uchun maʼmuriy yig‘imlar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“NBC News” telekanali manbalariga ko‘ra, taklif o‘tgan oy AQSH va Eron o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumiga asoslangan. Hujjatda qayd etilishicha, dastlabki 60 kun davomida kemalar Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan to‘siqsiz va xavfsiz o‘ta oladi. Shundan so‘ng, boshqaruv tartibini Eron va O‘mon Ko‘rfazdagi boshqa davlatlar bilan birgalikda belgilashi kerak.
O‘mon tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad al-Busaidiyning maʼlum qilishicha, Maskat kemalarning o‘tishi uchun majburiy to‘lovlarni qo‘llab-quvvatlamaydi, faqat boshqa xalqaro bo‘g‘ozlardagi kabi ixtiyoriy moliyalashtirishga ruxsat etiladi.
Oq uy Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xalqaro suv yo‘li ekani va undan majburiy yig‘imlar olinishi mumkin emasligini maʼlum qildi. “Prezident Donald Tramp Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun haq ololmasligini aniq aytgan”, dedi Oq uy matbuot kotibining birinchi o‘rinbosari Anna Kelli. Davlat kotibi Marko Rubio ham xalqaro huquq global dengiz yo‘nalishlarida bunday tariflarga yo‘l qo‘ymasligini taʼkidladi.
Muzokaralardan xabardor manbalarning aytishicha, O‘mon hali rasmiy taklif kiritmagan va amerikalik muzokarachilarda xavotirlar mavjud, garchi masala Maskat bilan texnik darajada hal etilishi mumkin bo‘lsa-da.
“NBC News”ning Yaqin Sharqdagi manbasi Eron bojlar oshirilishini talab qilayotgani va AQSH to‘lov variantiga rozi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilayotganini bayon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘imlar Xalqaro dengiz tashkiloti orqali undirilishi, mablag‘lar esa Eron va O‘mon o‘rtasida taqsimlanishi mumkin.
Qayd etilishicha, mablag‘lar Malakka bo‘g‘ozi modeliga o‘xshab ekologik baholash, qutqaruv operatsiyalari va navigatsiyani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi mumkin. O‘mon esa bo‘g‘ozga xizmat ko‘rsatishni ko‘p yillardan buyon to‘lovlarsiz moliyalashtirib kelmoqda.
Shuningdek, manbada “Ehtimol, hozir qandaydir yig‘imlar undirish uchun qulay vaqt kelgandir”, deb qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar Eronning marhum oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimlari o‘tkazilgach davom ettiriladi.
Eron Qurolli Kuchlari “Xotam al-Anbiyo” markaziy shtabi qo‘mondoni, general-mayor Ali Abdullohiy AQSH va Isroilni davlat dafn marosimi vaqtida Eronga qarshi har qanday hujumdan ogohlantirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi