Qirg‘iziston MXDQ sobiq raisi Qamchibek Tashiyev to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilindi

Iyul 03, 2026. 13:00 • 2 daq

209
Qirg‘iziston MXDQ sobiq raisi Qamchibek Tashiyev to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilindi

BISHKEK, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Bishkek shahrining Pervomay tuman sudi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev va yana yetti nafar sudlanuvchini mamlakatda hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashda aybdor deb topdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Rasmiy axborot agentligi – “Kabar” QMAA xabariga ko‘ra, sud qarori bilan ayblanuvchilarning har biriga mol-mulki musodara qilingan holda to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shu bilan birga, haqiqiy qamoq jazosi uch yillik probatsiya nazorati bilan almashtirilgan. Agar probatsiya shartlari buzilsa yoki yangi jinoyat sodir etilsa, mahkumlarga haqiqiy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Mahkumlar orasida Jo‘qorg‘u Kenesh (parlament) sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, sobiq deputat Qurmanqul Zulushev, jamoat arbobi Bekbolot Talgarbekov, Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Emilbek Uzoqboyev, sobiq deputat Qurmanbek Diyqonboyev, sobiq bosh vazir o‘rinbosari Aali Karashev va ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov ham bor.

Shu bilan birga, sud barcha sudlanuvchilarni mansab vakolatini suiisteʼmol qilish ayblovi bo‘yicha oqladi. Avvalroq davlat ayblovi ularning har biriga to‘qqiz yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan edi. Qamchibek Tashiyev va Qurmanqul Zulushevning advokatlari hukm ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini maʼlum qildi.

Ushbu jinoyat ishi “75lar xati” deb nom olgan – bir guruh siyosatchilar, jamoat arboblari va sobiq davlat xizmatchilarining Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga muddatidan oldin Prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqiruvchi murojaati bilan bog‘liq.

Murojaat eʼlon qilingach, uni imzolagan bir qator shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2026 yil fevral oyida Prezident jamiyatda bo‘linishning oldini olish maqsadida shunday qaror qabul qilinganini aytib, Qamchibek Tashiyevni MXDQ rahbarligidan bo‘shatgan edi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish