O‘zbekiston va Qozog‘iston mutaxassislari mineral xomashyoni tahlil qilishning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashmoqda

Iyul 03, 2026. 14:00 • 2 daq

2
O‘zbekiston va Qozog‘iston mutaxassislari mineral xomashyoni tahlil qilishning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashmoqda

OSTONA, 3-iyul. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston va O‘zbekiston mutaxassislari mineral xomashyoni tahlil qilishning zamonaviy usullari va laboratoriya texnologiyalarini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Inbusiness” axborot agentligiga tayanib.

Xalqaro hamkorlik doirasida Qozog‘istonning Sharqiy rangli metallar va kon-metallurgiya ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari “O‘zbek geologiya qidiruv” AJ Markaziy laboratoriyasi hamda Samarqanddagi tahliliy laboratoriya majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Ular o‘zbekistonlik hamkasblari tomonidan qo‘llanilayotgan ilmiy-texnik yondashuvlar va ilg‘or laboratoriya amaliyotini o‘rgandi.

Uchrashuvda rudalar va ularni boyitish mahsulotlarini sinovdan o‘tkazish, laboratoriyalarning malakani baholash dasturlarida ishtirokini kengaytirish, zamonaviy tahlil usullarini qo‘llash hamda analitik nazorat sohasiga yangi texnologik yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Qozog‘istonlik mutaxassislar mineral xomashyoni laboratoriya sharoitida tadqiq etish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy sinov metodikalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, standart namunalardan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Mutaxassislar fikricha, bunday tajriba almashinuvi laboratoriya tadqiqotlari sifatini yana-da takomillashtirish, analitik nazorat aniqligini oshirish hamda tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlari korxonalari faoliyati samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Qozog‘iston Kompleks mineral xomashyoni qayta ishlash milliy markazi direktor o‘rinbosari Larisa Kushakovaning taʼkidlashicha, professional tajriba almashinuvi yangi texnologik yechimlarni o‘rganish, ichki jarayonlarni takomillashtirish hamda sifat menejmenti tizimini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Qayd etilishicha, institutning sinov markazi geologiya, tog‘-kon sanoati va metallurgiya sohalari uchun sinov metodikalarini ishlab chiqish va takomillashtirishga ixtisoslashgan zamonaviy akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya hisoblanadi.

Shuningdek, bu yerda mineral xomashyo va sanoat mahsulotlari sifatini nazorat qilish, analitik tadqiqotlar aniqligini tekshirish, laboratoriya jihozlarini kalibrlash hamda metodikalarni metrologik attestatsiyadan o‘tkazish uchun standart namunalar ishlab chiqiladi va sertifikatlanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish