Isroil AQSHga Quddusda elchixona qurish uchun yer maydonini 1 dollarga berdi

Iyul 02, 2026. 15:30 • 2 daq

100
Isroil AQSHga Quddusda elchixona qurish uchun yer maydonini 1 dollarga berdi
“AP” agentligi surati

QUDDUS, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Isroil va Qo‘shma Shtatlar Quddusda AQSH elchixonasining doimiy majmuasini qurish uchun yer uchastkasi ajratish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “The Times of Israel” onlayn nashriga tayanib.

Imzolash marosimida Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar, AQSH elchisi Mayk Hakabi va Quddus meri Moshe Lion ishtirok etdi.

AQSH elchisining so‘zlariga ko‘ra, yangi uchastka Vashingtonning Quddusdagi mavqeini kengaytiradigan va mustahkamlaydigan elchixonaning bo‘lajak doimiy majmuasi quriladigan joy bo‘ladi.

Isroil TIV rahbari Gideon Saar kelishuvni “Isroil va AQSH o‘rtasidagi buzilmas ittifoqning yana bir muhim bosqichi” deb atadi hamda “Isroil Vashingtonning Yaqin Sharqdagi eng muhim strategik aktivi” ekanini taʼkidladi.

Isroil idorasi bayonotiga ko‘ra, AQSH ramziy 1 dollar evaziga 99 yillik uzoq muddatli ijara shartlari asosida yer uchastkasini oladi. Elchixonaning doimiy binosini qurish rejasi 2019-yilda maʼqullangan, 2021-yilda esa Quddus meriyasi tomonidan tasdiqlangan. Uchastka shahar janubidagi Allenbi majmuasi deb ataladigan hududda joylashgan.

Hozirda Amerikaning Isroildagi elchixonasi Quddusdagi sobiq AQSH konsulligi binosida faoliyat yuritmoqda. U 2017-yilda AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan shahar Isroil poytaxti deb tan olingach va 2018-yilda diplomatik missiya Tel-Avivdan ko‘chirilgach, elchixonaga aylantirilgan. Bu qaror xalqaro miqyosda keng tanqidlarga sabab bo‘lgan va hamon diplomatik kelishmovchiliklar predmeti bo‘lib qolmoqda.

Xususan, “Adalah” inson huquqlari tashkiloti yangi elchixona uchun ajratilgan yer uchastkasi ilgari falastinlik oilalarga tegishli bo‘lgani va Isroilning bedarak yo‘qolgan shaxslar mulki to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq musodara qilinganini maʼlum qildi.

BMT ham Sharqiy Quddusni 1967-yilda bosib olingan Falastin hududining bir qismi deb hisoblaydi va shaharning mohiyati yoki huquqiy maqomini o‘zgartirishga qaratilgan har qanday choralar xalqaro huquqqa ko‘ra yuridik kuchga ega emasligini qayd etadi.

Shu munosabat bilan dunyoning aksariyat mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston ham o‘z elchixonalarini hamon Tel-Avivda saqlab qolmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish