BMT sentyabr oyida AQSH va Xitoyning qarzlari tufayli moliyaviy qiyinchilikka duch kelishi mumkin

Iyul 02, 2026. 17:30 • 2 daq

88
BMT sentyabr oyida AQSH va Xitoyning qarzlari tufayli moliyaviy qiyinchilikka duch kelishi mumkin
“Bloomberg” AA surati

NYU-YORK, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. BMT Bosh kotibi yordamchisi Chandru Ramanatan eng yirik donorlar – AQSH va Xitoyning badallarni to‘lashni kechiktirayotgani sababli tashkilot sentyabr oyidayoq likvidlik tanqisligiga duch kelishi mumkinligini maʼlum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “UNifeed”ga tayanib.

Ramanatanning qayd etishicha, BMT byudjeti kassa uzilishlari tufayli bosim ostida qolmoqda, bunda hatto tasdiqlangan xarajatlarni ham to‘liq moliyalashtirib bo‘lmayapti.

Unga ko‘ra, 2026-yilga mo‘ljallangan tinchlikni saqlash operatsiyalari byudjeti 5,1 milliard dollarni tashkil etadi, bu o‘tgan yilgiga nisbatan 9,7 foizga kamdir. Xodimlarning qisqarishini hisobga olganda, xarajatlarning real kamayishi qariyb 14 foizga yetadi.

Tashkilotning moliyaviy ahvoli ko‘p jihatdan eng yirik donorlarga bog‘liq. BMT muntazam byudjetining taxminan 42 foizi AQSH va Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Xitoyning muntazam byudjetdan qarzdorligi 428 million dollarni, tinchlikparvarlik badallari bo‘yicha qarzi esa yana 65 million dollarni tashkil etadi. BMT vakilining fikricha, ushbu 428 million dollar qarz sentyabr oyida yoki undan oldinroq to‘lanishi kutilmoqda.

AQSH bilan bog‘liq vaziyat esa ancha murakkabligicha qolmoqda: muntazam byudjet bo‘yicha qarz 2 milliard dollardan, tinchlikparvarlik operatsiyalari bo‘yicha esa qariyb 1,7–1,8 milliard dollardan oshadi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, tushumlarning kechikishi sentyabr oyidayoq likvidlik tanqisligiga olib kelishi mumkin, yil oxiriga kelib esa tashkilot davrni deyarli moliyaviy zaxiralarsiz yakunlash xavfi ostida qoladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish