Eron Hurmuz bo‘g‘ozini ochish shartlarini maʼlum qildi
Avgust 10, 2026. 16:00 • 2 daq
• 322
TEHRON, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Eron Qo‘shma Shtatlar Tehronga nisbatan siyosatini o‘zgartirmaguncha Hurmuz bo‘g‘ozini ochish niyatida emasligini bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “NBC”ga tayanib.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining maʼlum qilishicha, hozirda Tehron va Vashington o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borilmayapti, biroq vositachilar muloqotni qayta tiklash imkoniyatlarini izlashda davom etmoqda.
Abbos Aroqchi O‘mon bilan kemalar qatnovini boshqarish bo‘yicha muzokaralar bo‘g‘ozning tez orada ochilishini anglatmasligi, chunki yo‘nalishlardagi ehtimoliy o‘zgarishlar texnik va huquqiy masala ekanligini taʼkidladi.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Muhammad-Boqir Zulg‘adr avvalroq Tehronning to‘laqonli kema qatnovini tiklash shartlarini aytgan edi. Ular orasida Amerika harbiy-dengiz blokadasiga barham berish, urush uchun tovon puli to‘lash, muzlatilgan Eron aktivlarini qaytarish, sanksiyalarni bekor qilish hamda Eronga va uning mintaqaviy ittifoqchilariga qarshi ziddiyatni to‘xtatish kabi shartlar bor.
AQSH hozircha bu talablarga ochiqchasiga javob bergani yo‘q. Shu bilan birga, Vashington Tehronning yadroviy daʼvolaridan voz kechishini qatʼiy talab qilmoqda. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning so‘zlariga ko‘ra, kemalarning bo‘g‘ozdan xavfsiz o‘tishi mexanizmi muhokama qilinmoqda va u minalardan tozalash hamda tranzit kemalarga hujum qilmaslik kafolatlarini o‘z ichiga olishi mumkin.
O‘mon Eron bilan muzokaralar ijobiy va konstruktiv muhitda o‘tayotganini maʼlum qildi. Tomonlar bo‘g‘oz orqali kemalarning harakatlanish tartibini va o‘tish uchun to‘lov joriy etish ehtimolini muhokama qilmoqda. Tehron Maskat bilan muzokaralar hali suv yo‘lini ochish to‘g‘risidagi qarorni anglatmasligini qayd etmoqda.
Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat fonida mintaqada ziddiyat saqlanib qolmoqda. Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Yamandagi husiylar Saudiya Arabistoniga, jumladan, “Saudi Aramco” obyektlariga yana hujum qildi. Saudiya hukumati Jizondagi neftni qayta ishlash zavodidagi yong‘in o‘chirilgani, jabrlanganlar yo‘qligini bildirdi.
“Saudi Aramco” yopiq Hurmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tish uchun eksportning bir qismini Qizil dengiz orqali qayta yo‘naltirish niyatida. Saudiya Arabistoni husiylarning hujumlarini qoralab, ular 13-iyuldan beri qirollik hududiga, 22-iyuldan esa savdo kemalariga zarba berayotganini maʼlum qildi.
“Reuters” agentligi surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi