“Kalimantan Post” gazetasi: O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aloqalar asrlar davomida shakllangan
Mart 28, 2026. 13:30 • 2 daq
• 46
JAKARTA, 28-mart. /“Dunyo” AA/. Indoneziyaning “Kalimantan Post” gazetasida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shahzod Islomovning tahliliy maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston va Indoneziya aloqalari nafaqat rasmiy diplomatik munosabatlarga, balki asrlar davomida shakllangan maʼnaviy rishtalarga asoslangan. Xususan, Yava orolida islom dinini tarqatishda “Vali Songo” (To‘qqiz avliyo) jamoasi va asli samarqandlik Mavlono Malik Ibrohim Samarqandiyning faoliyati muhim rol o‘ynagan. Ular ikki mintaqa o‘rtasida ilk ilmiy va maʼnaviy ko‘prik vazifasini bajargan.
Indoneziyadagi anʼanaviy taʼlim tizimi Imom Moturidiy maktabining maʼnaviy merosini davom ettiruvchi sifatida qaraladi. Ushbu maktabning ratsional va bag‘rikenglik tamoyillari musulmonlar orasida hurmat va murosa muhitini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Materialda qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Samarqandda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasi qayta tiklanib, bu yerda keng ko‘lamdagi islohotlar amalga oshirilgan.
Bugungi kunda mazkur majmua nafaqat ziyoratgoh, balki zamonaviy dunyoda islom dinining asl qadriyatlarini targ‘ib qiladigan xalqaro intellektual markaz sifatida xizmat qilmoqda.
Nashr xulosasida Indoneziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat taʼlim va ziyorat turizmi, balki ilmiy tadqiqotlar sohasida ham mustahkam maʼnaviy qalqon yaratishga yordam berishi alohida bayon etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi