Oʻzbekistonning noyob tabiati va flora va fauna dunyosi jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilmoqda
Mart 29, 2026. 22:56 • 2 daq
• 23
VASHINGTON, 26-mart. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 26-mart kuni ekologiya, ilm-fan va barqaror rivojlanish sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish doirasida AQSHning nufuzli ilmiy-tadqiqot va maʼrifiy tashkiloti vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda tashkilotning fan va innovatsiyalar yoʻnalishi rahbari Ian Miller boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Oʻzbekiston tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Muzokaralar chogʻida tomonlar Oʻzbekistonning tabiiy, madaniy, ilmiy va sayyohlik salohiyatini xalqaro maydonda ilgari surishga qaratilgan istiqbolli hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qildilar. Jumladan, bioxilma-xillikni saqlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish maqsadida noyob va yoʻqolib borayotgan hayvonot turlarini oʻrganish hamda hujjatlashtirish boʻyicha qoʻshma ilmiy ekspeditsiyalarni tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.
Shuningdek, hujjatli kino va media loyihalar sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Oʻzbekiston ekotizimi va Buyuk Ipak yoʻli landshaftlariga bagʻishlangan hujjatli filmlar turkumini yaratish, Orolboʻyi mintaqasini tiklashga qaratilgan multimedia loyihalarni amalga oshirish, shuningdek mahalliy jamoalarning anʼanaviy ekologik bilimlari va barqaror amaliyotlari haqida materiallar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, ekologik turizmni rivojlantirish va mamlakatning tabiiy merosini xalqaro darajada targʻib qilish masalalari koʻrib chiqildi. Jumladan, Oʻzbekistonni “Umr davomida tashrif buyurish tavsiya etiladigan manzillar” loyihasiga kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Amerika tomoni Oʻzbekistonga tashrifni tashkil etish va hamkorlik imkoniyatlarini yanada chuqur oʻrganishga qiziqish bildirib, tegishli kelishuvlarga erishilgan taqdirda sheriklikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi. Shuningdek, mazkur tashkilot tomonidan ilgari ham mamlakatga yetakchi tadqiqotchilar va fotosuratchilar yuborilgani qayd etildi.
Amerikalik hamkorlar Oʻzbekistonning noyob tabiati, flora va faunasini global miqyosda namoyish etishda yuqori salohiyatga ega ekanini taʼkidlab, mamlakatni kelgusidagi loyihalar va media-rejalarga kiritishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston yangi ilmiy, media va turizm tashabbuslarini amalga oshirish uchun istiqbolli platforma ekanini alohida taʼkidladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi