Hiroshi Mino: Madaniy-ma’rifiy hamkorlik xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi
Mart 06, 2026. 15:49 • 2 daq
• 62
TOSHKENT, 6-mart. /“Dunyo” AA/. Yurtimizda o‘tkazilgan yapon an’anaviy san’ati – Kagura namoyishida ishtirok etgan Yaponiyaning Kitahiroshima shahri hokimi Hiroshi Mino “Dunyo” AA muxbiriga mamlakatimizga amalga oshirgan xizmat safari taassurotlari haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekistonga ilk bor kelishim. Bu yerda meni juda samimiy kutib oldi. O‘zbeklarning mehmondo‘stligini ko‘p bor eshitganman. Yurtingizga tashrif buyurib, bu fikrlarning rostligiga shaxsan guvoh bo‘ldim. Ko‘rsatilgan alohida hurmat va e’tibordan juda mamnunman.
Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlaridan biri yapon an’anaviy sahna san’ati – Kagura namoyishi bo‘ldi. Kagura tomoshasi so‘z bilan ifoda etib bo‘lmaydigan ma’no va g‘oyalarni sahna orqali o‘zbek san’atsevarlarga yetkazishga harakat qildik.
Aslida, Kagura tomoshasini ko‘z bilan ko‘rganda tushunish oson kechadi. U orqali biz Yaponiya madaniyatining bir qismini namoyon etamiz. Ushbu namoyish avval ham bir qator davlatlarda, jumladan, AQSh va Meksikada taqdim etilgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa O‘zbekiston Kagura tomoshasi namoyish etilgan birinchi mamlakat bo‘ldi.
Bu kabi madaniy tadbirlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yana-da mustahkamlashga xizmat qiladi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari bilan uchrashdik. Suhbat davomida Hiroshima prefekturasi hamda O‘zbekiston o‘rtasida madaniy almashinuvni kengaytirish masalalarini muhokama qildik.
Kelgusida Hiroshimada “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasining Hiroshimaga tashrifini amalga oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Kitahiroshima shahri nisbatan kichik shahar. Shunga qaramasdan, shahar va prefektura darajasida O‘zbekiston bilan madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishga qiziqish yuqori.
O‘ylaymanki, kelgusida ham shunga o‘xshash tashabbus va hamkorlikdagi loyihalar ko‘payib, O‘zbekiston bilan madaniy munosabatlarimiz yana-da mustahkamlanadi. Zero, mazkur tashrif va madaniy tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy diplomatiyani rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi