Italiya OAV: O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik tobora rivojlanmoqda
Yanvar 22, 2026. 16:49 • 2 daq
• 6
RIM, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. Italiya Vazirlar Kengashi raisi Jorja Melonining Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi tafsilotlari Italiyadagi nufuzli OAVda keng yoritildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Governo” nashrida yozilishicha, Italiya Vazirlar kengashi raisi Jorja Meloni Osiyoga tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan. Mazkur uchrashuv 2025-yilning may oyida Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va rivojlantirish imkonini berdi.
Yetakchilar dunyoda kuzatilayotgan xalqaro nizoli vaziyatlarda ikki tomonlama hamkorlikning muhim tarmoqlarini qanday rivojlantirish borasida fikr almashgan. Eng muhim xomashyo resurslari va agrosanoat sohasiga alohida eʼtibor qaratgan.
“Stampa Parlamento” agentligida qayd etilishicha, Jorj Melonining Osiyoga tashrifi Toshkentda yakunlangan. Italiya Vazirlar kengashi raisi Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot chog‘ida O‘zbekiston–Italiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlarini muhokama qilgan.
2025 yilning may oyida Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
“Il Sole 24 Ore” gazetasining taʼkidlashicha, Jorj Meloni va Shavkat Mirziyoyev uchrashuvida to‘qimachilik sanoati, geologiya, energetika, kimyo, qurilish materiallari, moliya bozori va boshqa ustuvor sohalardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Italiyada O‘zbekiston, O‘zbekistonda esa Italiya kinosi kunlarini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. O‘zbekistonning navbatdagi Venetsiya biyennalesida ishtirok etishi hamda bu yil Milanda amaliy sanʼat va muzey ko‘rgazmalarini o‘tkazish rejalari qo‘llab-quvvatlangan.
“Agenzia Nova” agentligida berilgan materialda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikka alohida urg‘u berilgan.
Nashrda yozilishicha, Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalarning soni barqaror o‘sib bormoqda. Hududlararo, shu jumladan, Lombardiya bilan almashinuvlar rivojlanmoqda. O‘zbekiston fuqarolarining tartibli mehnat migratsiyasi uchun kvotalar ajratilgan.
Tadbirkorlar “Pietro Fiorentini”, “Danieli”“Finopera”, “ANCI” va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda yirik sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirmoqda. Taʼlim sohasidagi keng ko‘lamli hamkorlik natijasida 2025 yilda Samarqandda Tushia universitetining filiali ochilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
