Pokiston OAV: O‘zbekiston — Pokiston munosabatlari mintaqaviy tinchlik va barqarorlik nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega
Yanvar 22, 2026. 11:26 • 4 daq
• 70ISLOMOBOD, 22-yanvar. /“Dunyo” AA./ Pokistonning “Associated Press of Pakistan”, “Daily Ittehad”, “Minute Mirror”, “The Daily Big Digit” va boshqa nashrlarida “Prezident Shavkat Mirziyoyev – Pokistonning buyuk do‘sti” sarlavhali maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Pokistondagi “Umumiy kelajak jamiyati” tahliliy markazi ijrochi direktori Xalid Taymur Akram qalamiga mansub ushbu maqolada Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning ko‘p asrlik tarixi va zamonaviy taraqqiyoti, Prezident Shavkat Mirziyoyevning ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash borasidagi saʼy-harakatlari haqida so‘z boradi. Muallif yozganidek, ikki mamlakatni mushtarak tarix, madaniyat, din va o‘xshash anʼanalar bog‘lab turadi.
“O‘zbekiston hududida joylashgan Samarqand va Buxoro shaharlari qadimdan islomiy ilm-fanning yirik markazlari bo‘lib xizmat qilgan. Buyuk Ipak yo‘li esa ikki mintaqani savdo va madaniy aloqalar orqali o‘zaro bog‘lagan. Ikki davlat o‘rtasidagi yana bir muhim tarixiy bog‘liqlik shundaki, Boburiylar sulolasining asoschisi, birinchi Boburiy podshoh — Zahiriddin Muhammad Bobur O‘zbekiston zaminida dunyoga kelgan”, — deb taʼkidlaydi ekspert.
Uning qayd etishicha, 1991-yilda sobiq ittifoq parchalanib, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, Pokiston uning mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan biri bo‘ldi va rasmiy diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.
Shundan buyon ikki mamlakat o‘rtasida do‘stona va birodarona munosabatlar izchil rivojlanib kelmoqda. Tomonlar xalqaro maydonlarda bir-birini doim qo‘llab-quvvatlab kelmoqda hamda mintaqaviy va global masalalarda muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro ishonch, hurmat, anglash va umumiy qadriyatlarga asoslangan. Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan mamlakatlar o‘rtasida oliy darajadagi muloqot mustahkamlandi va davlat rahbarlari darajasidagi tashriflar soni oshdi.
“Ikki davlat ham savdo, o‘zaro bog‘liqlik va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish orqali ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qatʼiy intilib kelmoqda. Tomonlar hamkorlikni yangi va mazmunli yo‘nalishlarda kengaytirishga katta qiziqish bildirmoqda. Pokiston va O‘zbekiston savdo, transport, energetika, turizm, mintaqaviy bog‘liqlik va boshqa ko‘plab sohalarda ulkan salohiyatga ega ekanini yaxshi anglaydi”, – deyiladi nashrda.
Savdo va iqtisodiy hamkorlik Pokiston–O‘zbekiston munosabatlarining asosiy ustuni hisoblanadi. Ikki tomonlama savdo hajmi barqaror o‘sib, 2025-yilga kelib qariyb 450 million AQSh dollariga yetdi. Savdoni yanada rivojlantirish maqsadida har ikki davlat yaqin yillarda o‘zaro savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan.
O‘zbekiston to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagani uchun Pokiston dengiz portlariga qulay chiqish imkonini taklif etmoqda. O‘zbekiston esa tabiiy resurslarga boy va jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakat. Savdo yo‘llarining yaxshilanishi va bog‘liqlikning kuchayishi nafaqat ushbu ikki davlat, balki butun mintaqa uchun ham katta foyda keltiradi.
Maqolada, shuningdek, energetika sohasi ikki davlat uchun ham katta istiqbolga ega ekani qayd etilgan. Muallif O‘zbekiston energiya ishlab chiqarish borasida katta tajriba va salohiyatga ega ekanini urg‘ulaydi.
“Pokiston esa iqtisodiy o‘sishni taʼminlash maqsadida energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda. Shu bois, O‘zbekiston bilan energetika loyihalari bo‘yicha hamkorlikning mustahkamlanishi Pokistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga yordam beradi. Shu bilan birga, O‘zbekiston kompaniyalari va mutaxassislari uchun ham yangi bozorlarni ochish imkoniyatini yaratadi”, – deya taʼkidlaydi Xalid Taymur Akram.
Tahliliy materialda har ikki mamlakat uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi yo‘nalishlardan yana biri turizm sohasi ekani eʼtirof etiladi. Turizm ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish va turli madaniyatlarni yaxshiroq anglashga xizmat qiladigan muhim tarmoq hisoblanadi.
O‘zbekiston o‘zining qadimiy islomiy meʼmoriy yodgorliklari va madaniy ahamiyatga ega tarixiy shaharlari bilan mashhur bo‘lsa, Pokiston go‘zal tabiat manzaralari, tarixiy obidalari va boy anʼanalari bilan ajralib turadi. Shuning uchun turizm sohasidagi hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlar almashinuvini oshirishga xizmat qiladi.
“Associated Press of Pakistan” axborot agentligi tarqatgan materilda qayd etilishicha, O‘zbekiston–Pokiston munosabatlarining yanada mustahkamlanishi mintaqaviy tinchlik va barqarorlik nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega.
Muallif, “Pokiston va O‘zbekiston har doim keng mintaqada tinchlik, taraqqiyot va farovonlikni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ikki davlat ham mintaqaviy muammolarni muzokara va hamkorlik orqali hal etish lozim, degan qatʼiy qarashga ega. Ana shu yondashuv asosida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik qo‘shni mintaqalarda ham barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga salmoqli hissa qo‘shishi mumkin”, – deb yozgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



