"Kanal-3” TV: Tarixda hech yengilmagan ikki buyuk sarkarda bor, biri – Iskandar, ikkinchisi – Amir Temur
Yanvar 22, 2026. 12:07 • 3 daq
• 13ANQARA, 22-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Kanal-3” telekanalining “Farklı Rotalar” dasturining navbatdagi soni Samarqanddagi tarixiy yodgorliklar hamda Amir Temurning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ko‘rsatuvda Samarqand shahridagi Amir Temurning hayoti va faoliyati, “Registon maydoni”, “Go‘ri Amir” maqbarasi tarixi haqida hikoya qilingan. Dastur boshlovchi Samarqand shahridagi qadimiy obida va maskanlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tar ekan, bu yer – butun Markaziy Osiy, barcha turkiylar uchun eng muhim manzillardan biri ekanini bayon qiladi. U bu zaminda Amir Temurga bo‘lgan hurmat va eʼtibor juda katta ekani, ko‘plab shaharlarda buyuk sarkardaning haykallari o‘rnatilganini qayd etgan.
Ko‘rsatuvda Amir Temurning qabri joy olgan “Go‘ri Amir” maqbarasi turkiy meʼmorchilikning oliy namunasi ekani urg‘ulangan. Boshlovchi Samarqandni ko‘rish uchun albatta kelish zarurligi va amalga oshirilgan sayohatdan hech afsuslanmasligini taʼkidlangan.
Dasturda Amir Temurning hayoti va faoliyati haqida batafsil maʼlumot berilib, buyuk sarkardaning 27 ta davlatni o‘ziga bo‘ysundirib, “Maliki Turon”, “Amiri Turkiston” unvonlarini olgani bayon etilgan. “Tarixda urushda hech yengilmagan ikki buyuk sarkarda bor, biri – Iskandar, ikkinchisi – Amir Temur”, deya alohida eʼtirof etadi ko‘rsatuv boshlovchisi.
Efirga berilgan lavhalardan biriga boshlovchi shunday izoh beradi: “Go‘ri Amirning ichida Amir Temurning farzandlari va nabiralari qabri ham joy olgan. Ammo eng muhimi, Amir Temurning bosh tomonida dafn etilgan ustozi – Mir Sayyid Baraka. Bu – turkiy qo‘mondonlar, sarkardalar doimo ustozlariga cheksiz ehtirom ko‘rsatganining namunasi”.
Dastur davomida Samarqand markazi – Registon maydonidagi ulug‘vor madrasalar haqida ham maʼlumot berilib, boshlovchi quyidagi fikrlarni aytadi:
“Ko‘p yillar universitetda talaba ekanimda ekranda ko‘rib turganingiz ushbu ko‘rkam manzillar rasmini “Atlas” nomli sayohat jurnalida tomosha qilganman. O‘sha vaqtdan beri ushbu go‘zallikni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rish nasib qilarmikin, deya orzu qilardim. Bugun Samarqandning qoq markazidagi Registon maydonidaman. O‘zimni sehrli diyorga tushib qolgandek, his qilayapman. Naqadar go‘zal! Ishoning, taʼriflashga so‘z topa olmayapman!”.
Boshlovchi O‘zbekistondagi manzillar va meʼmoriy yodgorliklarning Turkiyadagilarga o‘xshashligini alohida taʼkidlagan:
“Bu yodgorliklar bizga begona emas. Ulardagi kabi darvozalar Denizli viloyatidagi Chardak Xan manzilida ham bor. Shuningdek, bunday darvozalarni Izmirning Seljuk tumani Mehmet Isa Bey masjidida, Saljuqiy yolgorliklar ko‘p bo‘lgan Kayseri viloyatidagi tarixiy binolarda ham uchratish mumkin. Eng mashhuri, Konyaning Beyshehir tumanidagi yog‘och ustunli Ashrafo‘g‘li masjidi bo‘lsa kerak. Zero, O‘zbekistondagi masjidlar ham yog‘och ustunli ekanini ko‘rasiz. Bu yerdagi tarixiy yodgorliklarning bezatilishi shu qadar muazzamki, taʼriflashga qiynaladi kishi. Mana shunday ulkan va ayni vaqtda nozik bezaklar bilan jilolangan yodgorlikni tomosha qilishning o‘zi odamga o‘zgacha tuyg‘ular bag‘ishlaydi”, deydi boshlovchi.
Dastur davomida ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro yaqinlikka ham eʼtibor qaratilgan:
“Shuni ham alohida aytishim kerakki, biz turklar asli shu zamindan kelganmiz. Asli ildizimiz o‘sha tomondan. Bu yerdagi insonlar bizga shunchalik o‘xshaydiki, gapirishlari biz kabi, doimo yordamga tayyor, mehmonlarni turklar kabi tabassum bilan qarshi oladi. Tilni tushunishda boshida ozgina qiynalasiz, ammo vaqt o‘tishi bilan bu muammo o‘z o‘zidan hal bo‘ladi”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi






