Anqaradan munosabat: O‘zbekiston–Serbiya munosabatlari Yevropa yo‘nalishida yangi imkoniyatlar ochmoqda
Sentabr 10, 2026. 12:00 • 3 daq
• 169
ANQARA, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Turkiya Strategik tadqiqotlar va rivojlanish markazi boshqaruv raisi Yunus Emre Kanat “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 7–8-sentabr kunlari Serbiyaga rasmiy tashrifi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Belgradga rasmiy tashrifi Markaziy Osiyoning markazida joylashgan, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun Yevropa bozoriga yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Fikrimcha, aynan Serbiya yo‘nalishiga ham ushbu keng ko‘lamli strategiya mazmun-mohiyatidan kelib chiqib nazar tashlash kerak. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Yevropa yo‘nalishini sezilarli darajada faolllashtirdi.
2025-yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi. Aprel oyida Samarqandda Yevropa Ittifoqi rahbariyati va mintaqa mamlakatlari yetakchilari ishtirokida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi va uning yakunlari bo‘yicha munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Bryusselga tashrif buyurib, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. 2026-yil aprel oyida Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Bunday tashriflar va o‘rnatilgan sheriklik munosabatlari Toshkentning Yevropa bilan aloqalari tobora tizimli va amaliy tus olayotganini ko‘rsatadi.
O‘ylaymanki, Belgrad nafaqat mustaqil sherik, balki Markaziy Osiyo va Janubi-Sharqiy Yevropa bozorlarini bog‘lovchi halqa sifatida ham ahamiyatlidir. Sanoat kooperatsiyasi, investitsiyalar, transport, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va IT bo‘yicha muzokaralarni siyosiy yaqinlashuvni iqtisodiy yo‘nalish bilan to‘ldirishga qaratilgan saʼy-harakatlar sifatida qabul qilish mumkin.
Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali o‘tuvchi O‘rta yo‘lak asta-sekin Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi muhim bog‘lamani shakllantirmoqda. Bu tizimda Bolqon yarim oroli Toshkent iqtisodiy geografiyasini kengaytirishning navbatdagi yo‘nalishi bo‘lishi mumkin. Shu bois, Serbiya O‘zbekiston G‘arb transport-iqtisodiy arxitekturasining yana bir bo‘g‘inidir.
Mehnat mobilligi va taʼlim ham katta istiqbolga ega. O‘zbekiston fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish bo‘yicha allaqachon salmoqli tajriba to‘plagan. Serbiya bilan taʼlim, fan va madaniyat sohasidagi bitim esa akademik aloqalarni kengaytirish uchun zamin yaratadi.
Men hozirgi bosqichni “Siyosat ilk qadamni qo‘yib bo‘ldi, endi navbat iqtisodiyotga”, deya taʼriflagan bo‘lardim. Eng muhimi, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi, xususan, Turkiya va Serbiya mamlakatlari bilan bir-birini to‘ldiruvchi aloqalar tarmog‘ini bosqichma-bosqich barpo etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi