O‘zbekiston Prezidenti «Markaziy Osiyo - Koreya Respublikasi» birinchi sammitida ishtirok etdi va nutq so‘zladi
Sentabr 16, 2026. 12:50 • 5 daq
• 32
TOSHKENT, 16-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Seul shahrida birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon raisligida o‘tkazilgan tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasida xavfsizlik, bir-birini to‘ldirib turadigan amaliy hamkorlik, gumanitar almashinuvlar kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Koreya Respublikasi strategik jihatdan uzoqni ko‘zlab ish tuta olishini namoyish etgan holda, Markaziy Osiyo timsolida yaqin va o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ulkan salohiyatni 2007 -ildayoq birinchilardan bo‘lib ko‘rganini taʼkidladi.
– Biz Koreya tomonining mamlakatlarimizni sanoatlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratishga qo‘shayotgan salmoqli hissasini samimiy qadrlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu mustahkam aloqalarning ildizlari uzoq asrlarga borib taqaladi – ular Buyuk ipak yo‘lidagi karvon yo‘llaridan boshlangan. Mustahkam do‘stlik zamirida hayotiy qadriyatlarimizning mushtarakligi – keksa avlodga chuqur hurmat, halol mehnatni qadrlash, ona zaminga mehr va sadoqat kabi asosiy hayotiy qadriyatlar mujassam.
– Ko‘p millatli Markaziy Osiyo oilasining ajralmas qismiga aylangan koreys diasporasi xalqlarimizning birdamligi va o‘zaro hurmat-ehtiromining yorqin ramzidir, – deya taʼkidladi Prezidentimiz.
Bugungi kundagi asosiy vazifa nafaqat hamkorlik bo‘yicha erishilgan surʼatni saqlab qolish, balki bu muvaffaqiyatlarni rivojlanishga yana-da jadal tus berish uchun poydevorga aylantirishdan iborat ekani taʼkidlandi.
Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasining qudratli salohiyatlarining qo‘shilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatish borasida yangi ufqlarni ochadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti hamkorlikning beshta strategik yo‘nalishi bo‘yicha takliflarni ilgari surdi.
Birinchi yo‘nalish hamkorlikni rejalashtirishning uzoq muddatli ufqlarini shakllantirishni qamrab oladi.
– Bugungi zamonaviy dunyodagi global o‘zgarishlar surʼati davlatlarning unga moslashish imkoniyatidan tobora ilgarilab ketmoqda. Sunʼiy intellekt mehnat bozori va butun boshli sanoat tarmoqlarini o‘zgartirmoqda. Iqlim va suv bilan bog‘liq xavf-xatarlar kelgusi bir necha o‘n yilliklar uchun mo‘ljallangan yechimlarni ishlab chiqishni talab qiladi. Taʼlim, infratuzilma, texnologiya va inson kapitaliga nisbatan yangi talablar paydo bo‘lmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.
Ushbu tahdidlarga javoban “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: jadal rivojlanish yo‘lidagi hamkorlik” deb nomlangan uzoq muddatli konseptual qarashni ishlab chiqish taklif etildi.
Kibertahdidlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlarini yaratish borasida saʼy-harakatlarni birlashtirish orqali raqamli kelajak xavfsizligini taʼminlash masalasi ham umumiy eʼtibor markazida bo‘lishi lozim.
Ikkinchi soha savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarni yagona biznes mantig‘i doirasida birlashtirishga qaratilgan.
– Hozirda Markaziy Osiyo faqat xomashyo yetkazib beradigan mintaqa emas. Mamlakatlarimiz innovatsion va texnologik hamkorlik uchun imkoniyatlarni kengaytirib, qo‘shimcha qiymatning global zanjirlariga faol qo‘shilmoqda, – deya taʼkidladi davlatimiz rahbari.
Sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari platformasini yaratish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu muvofiqlashtiruvchi mexanizmning taʼsis etilishi o‘zaro savdoni sezilarli darajada ko‘paytirish uchun birgalikda samarali yechimlarni topish hamda 2030-yilga borib, mintaqa mamlakatlari va Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.
Sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish doirasida mintaqa bozori uchun innovatsion ishlab chiqarish bazasi bo‘lib xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo – Koreya” sanoat-texnologik parkini O‘zbekistonda tashkil etishga tayyorlik bildirildi.
Mamlakatlar hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi iqtisodiy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi kuchi ekani va bunga kelgusi yili Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Koreya uchinchi hududlararo forumida barcha mamlakatlardan mahalliy hokimlik va biznes vakillari ishtirok etishi orqali erishish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Uchinchi yo‘nalish muhim minerallar sohasidagi hamkorlikda yangi sahifa ochishga qaratilgan.
– Mazkur qimmatbaho xomashyoga bo‘lgan talab tez o‘sib borayotgani va uning Markaziy Osiyodagi ulkan zaxiralarini hisobga olgan holda, mintaqa jahon bozorida yetakchi yetkazib beruvchilardan biriga aylanishga qodir, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu bois, mintaqada ishlab chiqarishning barcha bosqichlari – geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab oladigan yirik sanoat klasterlarini tashkil etish maqsadida muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini shakllantirish taklif etildi.
Hamkorlikning to‘rtinchi yo‘nalishi “yashil” taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga moslashish ehtiyojlaridan kelib chiqadi.
Iqtisodiyotlarimizdagi bir-birini to‘ldirib turuvchi imkoniyatlarni birlashtirish maqsadida Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasida iqlim va uglerod hamkorligi bo‘yicha formatni ishga tushirish taklif etildi.
Beshinchi yo‘nalish yosh avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birgalikda ishlashni nazarda tutadi.
Markaziy Osiyo – alohida demografik energiyaga ega bo‘lgan mintaqa bo‘lib, aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
– Biz uchun yosh avlod ilg‘or bilimlar, ko‘nikmalar va xalqaro tajribadan foydalanish imkoniga ega bo‘lib, kelgusida zamonaviy texnologik iqtisodiyotning bir qismiga aylanishi juda muhim, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Shu munosabat bilan inson kapitalini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish taklif etildi. Ushbu hamkorlik “buyurtma – o‘qitish – bandlik” degan aniq tamoyilga asoslanishi kerak.
Ayniqsa, sunʼiy intellekt texnologiyalarini birgalikda ishlab chiqish va joriy etishda yoshlarning tutgan o‘rni juda muhim. Shu bois, Prezident Li Chje Myonning “O‘xshashi yo‘q Koreya” doktrinasini ushbu keng ko‘lamli jarayon uchun Markaziy Osiyodagi asosiy tayanch maydonlardan biriga aylantirish taklif etildi.
Yakunda O‘zbekiston kelgusi yilda Koreya Respublikasi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi va koreys diasporasining mintaqamizda yashay boshlaganining 90 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlarini eng yuqori darajada o‘tkazishga tayyor ekani taʼkidlandi.
Sammitda boshqa yetakchilar ham so‘zga chiqdi. Tadbir yakunlari bo‘yicha Seul deklaratsiyasi hamda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga taalluqli boshqa qator hujjatlar qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi