“Pakistan Observer” gazetasi: “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” sammiti siyosiy muloqot va amaliy hamkorlik uchun muhim maydonga aylanadi

Sentabr 13, 2026. 11:00 • 2 daq

130
“Pakistan Observer” gazetasi: “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” sammiti siyosiy muloqot va amaliy hamkorlik uchun muhim maydonga aylanadi

ISLOMOBOD, 13-sentabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning ommabop “Pakistan Observer” gazetasida “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti: Nega u bugun ayniqsa muhim?” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda davlat rahbarlari darajasida o‘tkaziladigan bo‘lajak “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” birinchi sammiti va uning strategik ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritilgan.

Mazkur format yangilik emas. Qariyb 20 yil davomida u tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida siyosiy muloqot va amaliy hamkorlik uchun muhim maydon bo‘lib kelmoqda. Shu davr mobaynida ushbu format doirasida ko‘plab qo‘shma tashabbuslar amalga oshirildi. Shu bilan birga, uchrashuvlarni davlat rahbarlari darajasida o‘tkazish sohalar bo‘yicha muvofiqlashtirishdan strategik qarorlar qabul qilishga o‘tish kabi sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi”, – deyiladi maqolada.

Mualliflarning taʼkidlashicha, so‘nggi bir necha yil ichida Markaziy Osiyo, ehtimol, mintaqa davlatlari mustaqillikka erishganidan buyongi eng chuqur transformatsiya jarayonini boshdan kechirdi. O‘zbekiston ushbu jarayonlarda muhim o‘rin egallaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiqlik va faol mintaqaviy hamkorlik siyosati Markaziy Osiyoning jipsligini mustahkamlashning asosiy omillaridan biri bo‘ldi. Shuningdek, mamlakat Koreya Respublikasi bilan hamkorlikni yana-da chuqurlashtirdi. So‘nggi sakkiz yilda ikki tomonlama savdo hajmi deyarli ikki baravarga oshdi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi qariyb 700 ta korxona faoliyat yuritmoqda, Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi esa 8 milliard AQSH dollaridan oshdi.

Shuningdek, nashrda O‘zbekistonda postsovet hududidagi eng yirik koreys diasporasi istiqomat qilishi maʼlum qilinadi. Mamlakatda yetakchi koreys universitetlarining filiallari mavjudligi ikki tomonlama hamkorlikning uzoq muddatli va ko‘p qirrali xususiyatini yanada yaqqol namoyon etadi, deb taʼkidlangan.

“Pakistan Observer” nashrida bosilgan tahliliy sharh yakunida taʼkidlanishicha, sammitning tarixiy ahamiyati nafaqat u ilk bor mintaqa davlatlari rahbarlarini bir joyga jamlashida, balki ko‘lami avvalgi institutsional doiralardan allaqachon oshib ketgan hamkorlikni rivojlantirishning keyingi bosqichini belgilab olish imkoniyatida ham namoyon bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish