Logo

Qatardan yurtdoshlarimizning so‘nggi guruhi vatanga jo‘natildi

Mart 14, 2026. 17:00 • 2 daq

72
Qatardan yurtdoshlarimizning so‘nggi guruhi vatanga jo‘natildi

DOXA, 14-mart. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 13-14-mart kunlari O‘zbekiston elchixonasi tomonidan evakuatsiya qilinayotgan fuqarolarimizning so‘nggi guruhi yo‘lga chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Rejalashtirilgan marshrutga muvofiq, 96 nafar fuqaro Dohadan Dubaygacha avtobuslarda yo‘l olib, u yerdan Dubay–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha samolyotda parvoz qilishadi.

Elchixona xodimlari fuqarolarimizni olib ketgan avtobusni chegaragacha kuzatib borishdi. Evakuatsiya qilingan yurtdoshlarimiz ko‘rsatilgan amaliy yordam va xavfsiz evakuatsiya jarayoni samarali tashkil etilgani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga hamda “Vatandoshlar” jamoat fondiga samimiy minnatdorlik bildirishdi.

Elchixona tomonidan shu kunga qadar Qatarni tark etish istagini bildirgan 548 nafar O‘zbekiston fuqarosi “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari orqali yurtimizga evakuatsiya qilindi. Ular orasida asosan turistlar, talabalar hamda vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kelgan fuqarolar bor edi.

Joriy yilning 28-fevral kuni Isroil va AQSH o‘rtasida Eron bilan qurolli to‘qnashuvlar boshlangani ortidan Qatar o‘z havo hududini yopdi. Natijada Hamad xalqaro aeroporti faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, 2 mingga yaqin aviaqatnovlar bekor qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish