Isroil Livan bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi, biroq harbiy amaliyotni davom ettiradi

Iyun 04, 2026. 17:25 • 3 daq

83
Isroil Livan bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi, biroq harbiy amaliyotni davom ettiradi

VASHINGTON, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Isroil va Livan Amerika Qo‘shma Shtatlari vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish tartibini joriy etishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri AQSH Davlat departamenti bayonotiga tayanib.

Ushbu kelishuvga Vashingtonda Isroil va Livan vakillari ishtirokida o‘tgan ikki kunlik muzokaralar yakunida erishildi.

Qayd etilishicha, kelishuvga rioya qilinishi Livan hududidagi “Hizbulloh” harakati tomonidan o‘t ochishning to‘liq to‘xtatilishi va uning qurolli tuzilmalarining Litani daryosidan janubdagi hududdan olib chiqib ketilishiga bog‘liq bo‘ladi. Bundan tashqari, hujjatda faqat Livan armiyasi nazorati ostida bo‘ladigan “pilot zonalar” tashkil etish ko‘zda tutilgan.

22-iyundan boshlanadigan hafta davomida Livan va Isroil keng qamrovli kelishuvga erishish hamda qolgan masalalarni hal etish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni davom ettirish niyatida.

Shuningdek, bayonotda barcha tomonlar Eronning mintaqadagi xatti-harakatlarini va uning, o‘z baholariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi barqarorlikka putur yetkazayotgan “proksi guruhlar”ni qo‘llab-quvvatlashini qoralagani aytiladi.

Biroq Isroil mudofaa vaziri Israel Kats mamlakat harbiylari Livandagi amaliyotlarni davom ettirishini va hozircha o‘z qo‘shinlarini olib chiqmasligini ma’lum qildi. Livan davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, bugun mamlakat janubida Isroilning havo hujumlari davom etgan.

Mintaqadagi qurolli qarama-qarshilik avvalroq AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida keskinlashgan edi. Mart oyi boshidan buyon “Hizbulloh” Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning Tehronga uyushtirilgan Amerika-Isroil zarbalari natijasida halok bo‘lishiga javoban Isroilni yana raketa zarbalari ostiga tuta boshladi.

Bunga javoban Isroil Harbiy-havo kuchlari Bayrutga ham yirik aviazarbalar yo‘lladi. Isroil, shuningdek, mamlakat janubida quruqlikdagi amaliyotni boshladi. Isroil ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, bundan maqsad Litani daryosi va Isroil chegarasi o‘rtasida bufer zona yaratishdir.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, jangovar harakatlar va bombardimonlar oqibatida 3 mingdan ortiq kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Isroil armiyasi mart oyi boshidan beri “Hizbulloh”ning 1700 dan ortiq a’zosi o‘ldirilganini ma’lum qildi. Tinch aholi orasidagi qurbonlarning aniq soniga oydinlik kiritilmagan. Isroilda esa, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sulhdan buyon 10 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan.

“Reuters” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish