“Seoul City”: O‘zbekistonning urbanizatsiya sohasidagi islohotlari e’tirofga loyiq
Iyun 04, 2026. 16:55 • 2 daq
• 57
SЕUL, 4-iyun. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “Seoul City” gazetasida “Boku – WUF-13: barcha munosib uy-joy, xavfsiz va barqaror shaharlarda yashashga haqli” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Boku shahrida BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi (UN-Habitat) shafeligida Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasi doirasidagi Yetakchilar sammiti o‘tkazilgan. Ushbu nufuzli sammitda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda butun dunyoda uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada BMT tomonidan “Shahar – qishloq bir tizim” konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, shahar alohida ma’muriy hudud emas, balki atrofdagi hududlar bilan yagona transport, iqtisodiy, oziq-ovqat va ekologik tizimni tashkil etadi.
O‘zbekistonda ham Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklif va tashabbuslari asosida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining uy-joyga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida so‘nggi sakkiz yilda mamlakatda 120 million kvadrat metrdan ortiq yoki 600 mingdan ziyod xonadon qurilib, foydalanishga topshirildi.
Uy-joy sotib olishga ko‘maklashish uchun 541 ming nafar fuqaroga 103 trillion so‘m miqdorida imtiyozli ipoteka kreditlari va subsidiyalar ajratildi. Bu sa’y-harakatlar natijasida urbanizatsiya darajasi 1991-yildagi 40,3 foizdan 51 foizga yetdi.
Urbanizatsiya sohasida ishlarni samarali va tizimli amalga oshirish maqsadida Prezident farmoni bilan, O‘zbekiston Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Ushbu davlat idorasiga urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab vazifalar yuklatildi.
Nashrning ma’lum qilishicha, Bokudagi forum davomida ijtimoiy uy-joy qurilishi, norasmiy aholi punktlarini modernizatsiya qilish, transport, suv ta’minoti, sanitariya va chiqindilarni boshqarish kabi shahar infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek aholi turmush sifatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
BMT urbanizatsiyaning iqlim va raqamlashtirish bilan bog‘liq jihatlariga ham katta ahamiyat bermoqda. Shaharlar iqlim inqirozining asosiy maydoni sifatida qaralmoqda va 2030-yilgacha iqlimga chidamli infratuzilma yaratish uchun har yili 4,5–5,4 trillion AQSH dollari miqdorida investitsiya talab qilinishi ta’kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“Eureporter”: Belgiyaning Toshkentda elchixona ochishi O‘zbekiston va Yevropa hamkorligining yangi bosqichga ko‘taradi

Ispaniya matbuoti: Termiz muloqoti Yevroosiyoda yangi hamkorlik arxitekturasini shakllantirmoqda


