Isroillik jurnalist O‘zbekistonni sayyohlar uchun jannat deb atadi va mamlakatning mashhurligi oshishini bashorat qildi

Iyul 18, 2026. 12:00 • 2 daq

80
Isroillik jurnalist O‘zbekistonni sayyohlar uchun jannat deb atadi va mamlakatning mashhurligi oshishini bashorat qildi

TEL-AVIV, 18-iyul. /“Dunyo” AA/. Isroilning “Israel Hayom” gazetasida sayohatchi bloger Ori Lironning O‘zbekistonga qilgan safari taassurotlariga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muallifning taʼkidlashicha, O‘zbekistonning boy madaniy merosi, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlardagi betakror obidalar, mamlakatdagi qulay va arzon turistik infratuzilma, milliy taomlar, zamonaviy temir yo‘l tizimi hamda aholining mehmondo‘stligi sayyohlarni hayratlantirmay qolmaydi.

Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston dunyodagi eng qadimiy va o‘ziga xos tarixga ega mamlakatlardan biri bo‘lib, ming yillar davomida turli imperiya va davlatlar hukmronlik qilgan ushbu zaminning boy merosi meʼmorchilik va madaniy yodgorliklarda o‘z aksini topgan.

Bloger fikricha, Toshkentga kelgan ilk daqiqalardanoq mamlakatda sayohat qilish uchun yaratilgan qulay sharoitlar har qanday kishining eʼtiborini tortadi. U poytaxtdagi transport xizmatlarining qulayligi, sayohat xarajatlarining arzonligini alohida qayd etgan.

Shuningdek, u bu yerdagi o‘zbek milliy taomlarini, ayniqsa, palovni mamlakatning gastronomik ramzi sifatida eʼtirof etgan. Uning fikricha, o‘zbek oshxonasi Sharq anʼanalari va go‘shtli taomlar uyg‘unligi bilan ajralib turadi hamda dunyo gastronomiyasida alohida o‘rin egallaydi.

U Buxoroga sayohati haqida so‘z yuritar ekan, ushbu shaharni Buyuk ipak yo‘lining eng muhim markazlaridan biri sifatida taʼrifladi. Buxorodagi meʼmoriy obidalarning nafisligi, bezaklarining boyligi va har bir detalga berilgan eʼtibor unda katta taassurot qoldirganini aytgan.

Maqolada Buxorodagi yahudiy jamoasi hayoti, musulmonlar va yahudiylarning tinch-totuv yashashi, yurtimizdagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Muallif O‘zbekistonni Isroil fuqarolari uchun xavfsiz, qulay va jozibador turistik yo‘nalish sifatida tavsiya qilib, yaqin kelajakda ushbu mamlakat isroilliklar orasida eng ommabop sayyohlik manzillaridan biriga aylanishini taʼkidlagan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish