Mustaqillikning 35 yilligida “Turon” milliy sport turi dunyoning 35 ta davlatini birlashtirdi

Sentabr 01, 2026. 10:30 • 3 daq

153
Mustaqillikning 35 yilligida “Turon” milliy sport turi dunyoning 35 ta davlatini birlashtirdi

NYU-YORK, 1-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Turon” o‘zbek milliy sport turining xalqaro geografiyasi ramziy ko‘rsatkich — dunyoning 35 ta davlatiga yetdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Turon” xalqaro oilasining kengayishi qutlug‘ ayyom kunlarida ham izchil davom etmoqda. Xususan, 25 avgust kuni Peru politsiyasi va o‘t o‘chiruvchilari sport federatsiyasi “Turon”ni rasman tan oldi hamda Xalqaro federatsiyaga aʼzo bo‘lib kirib, o‘zbek milliy sport turining Janubiy Amerikadagi mavqeini yana-da mustahkamladi.

Ushbu xalqaro tashabbusning ramziy davomi sifatida Nyu-Yorkning qoq markazida “Turon”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tayms-skver maydonida O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim aks etgan videomateriallar namoyish etildi.

Bugungi kunda “Turon” geografiyasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Hindiston, Indoneziya, Yangi Zelandiya, Pokiston, Eron, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Polsha, Ispaniya, Vengriya, Marokash, Misr, Nigeriya, Uganda, Jazoir, AQSh, Kanada, Meksika, Kosta-Rika, Yamayka, Paragvay, Chili, Urugvay, Boliviya va Peru kabi mamlakatlarni qamrab olgan.

2025-yil 15-iyul kuni Nyu-York shtatida Xalqaro “Turon” federatsiyasining tashkil etilishi sport turini xalqaro miqyosda ilgari surishda muhim bosqich bo‘ldi. Federatsiyani ro‘yxatdan o‘tkazish O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi ko‘magida amalga oshirildi.

Bu kabi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, eng avvalo, O‘zbekistonning milliy merosi, tarixi, madaniyati va urf-odatlarini xorijda keng targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlarning ajralmas qismi hisoblanadi.

Xalqaro “Turon” federatsiyasi prezidenti Farrux Niyozimbetov erishilgan bu marra nafaqat sportni rivojlantirish, balki mamlakatimizning milliy qadriyatlarini dunyoga tanitish nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi:

“O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi yilida “Turon” oilasi aynan 35 ta davlatni birlashtirdi. Ushbu raqam ortida o‘zbek milliy sportiga samimiy qiziqish bildirayotgan turli xalqlar va madaniyatlar vakillari turibdi. Maqsadimiz faqat musobaqalar o‘tkazish bilan cheklanmaydi. “Turon” orqali dunyoni O‘zbekiston va uning boy milliy merosi bilan yaqindan tanishtirishdir”.

Keyingi yillarda “Turon” sport turining xalqaro miqyosda rivojlanishi jadal surʼat oldi. 2025 yil dekabr oyida Toshkentda birinchi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, joriy yilning 1–5 iyun kunlari O‘zbekiston poytaxti 25 ta mamlakatdan 500 nafardan ortiq yosh sportchi ishtirok etgan birinchi Jahon kubogiga mezbonlik qildi.

Shu bilan birga, taʼlim yo‘nalishi ham kengaymoqda. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Turon” bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, ilk bor 28 nafar abituriyent o‘qishga qabul qilindi. Urugvay va Boliviyada ushbu sport turini maktablar, universitetlar hamda politsiya xodimlarini tayyorlash tizimiga joriy etish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi.

“Turon” bugungi kunda nafaqat milliy sport turi, balki xalqaro maydonda mamlakatimiz va uning boy merosini munosib targ‘ib etayotgan O‘zbekistonning o‘ziga xos sport elchisi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish