O‘zbekiston va Pokiston yetakchilari kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar
Avgust 31, 2026. 19:40 • 2 daq
• 50
TOSHKENT, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Bishkek shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, suhbat avvalida davlatimiz rahbari Pokistonni Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikni qabul qilayotgani bilan samimiy tabrikladi.
Joriy yilning fevral oyida Islomobodga amalga oshirilgan tarixiy tashrif va bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar munosabatlarimizni yangi sifat bosqichiga ko‘targani alohida qayd etildi.
Muloqot davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika bo‘yicha hamkorlik ko‘lamini yana-da kengaytirish borasida fikr almashildi.
Uchrashuvda hududlararo hamkorlik va gumanitar yo‘nalishdagi aloqalarni rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Xususan, joriy yilda Xiva shahrida Hududlararo forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani hamda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlarini tashkil etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
To‘qimachilik, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa muhim sohalardagi loyihalarni jadallashtirish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi