Nyu-Yorkda mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston davlat bayrog‘i ko‘tarildi
Avgust 31, 2026. 17:33 • 2 daq
• 101NYU-YORK, 31-avgust. /“Dunyo” AA/. Nyu-Yorkda mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekiston davlat bayrog‘ini ko‘tarish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Marosim o‘tkaziladigan joy sifatida Nyu-Yorkning eng mashhur va dunyo moliyaviy markazi ramzi hisoblangan Uoll-strit ko‘chasi tanlandi. Aynan shu yerda, Manxettenning qoq markazida mamlakatimizning bosh davlat bayrami kunlarida O‘zbekiston davlat bayrog‘i tantanali ravishda baland ko‘tarildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekistonning BMT huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari, Nyu-Yorkdagi Bosh konsullik xodimlari, o‘zbek diasporasi tashkilotlari rahbarlari va faollari, vatandoshlar hamda shaharning boshqa milliy jamoalari vakillari ishtirok etdi.
Marosimning davomi bayramona konsert dasturiga ulanib ketdi. Unda o‘zbek milliy kuylari yangradi, milliy raqslar ijro etildi va bu yig‘ilganlarni O‘zbekistonning boy madaniyati hamda urf-odatlari bilan yaqindan tanishtirdi.
Bayram tadbiri Nyu-York aholisi va ko‘p sonli mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Yo‘lovchilar to‘xtab, voqealarni kuzatdilar, ishtirokchilarga yaqinlashib, O‘zbekiston va tadbir sababi bilan qiziqdilar. Ko‘pchilik bayramga qo‘shilib, vatandoshlarimiz bilan birga o‘zbek kuylariga raqsga tushdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning mustaqillik yillarida erishgan yutuqlari, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotgani va O‘zbekiston-AQSh munosabatlari izchil rivojlanayotganini taʼkidladilar. AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning milliy madaniyatimizni keng targ‘ib qilish va amerika jamoatchiligi bilan do‘stona aloqalarni mustahkamlashdagi roliga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbek diasporasi vakillari Mustaqillikning 35 yilligi kunlarida Nyu-Yorkda O‘zbekiston davlat bayrog‘ining ko‘tarilishi vatandoshlarni birlashtirgan va vatanimizning bosh bayrami muhitini shahar aholisi bilan baham ko‘rish imkonini bergan alohida voqea bo‘lganini qayd etdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


