Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston sug‘orish suvini yetkazib berish jadvallarini kelishib oldi

May 12, 2026. 14:25 • 2 daq

50
Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston sug‘orish suvini yetkazib berish jadvallarini kelishib oldi

OSTONA, 12-may. /“Dunyo” AA/. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston yozgi mavsum boshida sug‘orish suvini yetkazib berish jadvallarini tasdiqladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Qozog‘istonning “Zakon” portaliga tayanib.

Toshkent shahrida uch davlat suv-energetika idoralari rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida uch tomonlama bayonnoma imzolandi. Unda yaqin ikki oy uchun To‘qtog‘ul suv omboridan suv chiqarish hajmlari va rejimlari bo‘yicha kelishilgan tartiblar mustahkamlab qo‘yildi. Tadbirda uch mamlakatning energetika va suv xo‘jaligi sohalariga masʼul vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.

Tomonlar vegetatsiya davrida janubiy hududlarni yetarli hajmda suv bilan taʼminlash asosiy masala ekanini taʼkidladi. Ularning fikricha, mazkur bayonnomaning imzolanishi sug‘orish mavsumi boshida barqaror suv taʼminotini taʼminlash hamda Qozog‘iston va O‘zbekiston fermerlari uchun xavf-xatarlarni kamaytirish imkonini beradi.

Shuningdek, idoralar rahbarlarining navbatdagi uchrashuvi iyun oyi o‘rtalarida Bishkek shahrida bo‘lib o‘tishi maʼlum qilindi. Unda iyul–sentyabr oylari uchun suv yetkazib berish jadvallari va hajmlarini kelishib olish rejalashtirilgan.

Xabar qilinishicha, mazkur kelishuvdan oldin mavsumlararo muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Uning doirasida Qozog‘iston Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib bergan bo‘lib, bu To‘qtog‘ul suv omboridagi suv zaxiralarini qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun saqlab qolish imkonini bergan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish