O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaati

May 12, 2026. 15:45 • 3 daq

12
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaati

(2026-yil 12-may, Toshkent sh.)


Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Xonimlar va janoblar!

Yevroosiyo iqtisodiy sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlash va eng ezgu tilaklarimni yo‘llashdan bag‘oyat mamnunman.

O‘tgan o‘n yillar davomida Sammit yetakchi siyosatchilar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan muhim muloqot maydoni sifatida o‘zini namoyon etdi.

Anjumanning Istanbulda o‘tkazilishi alohida ramziy maʼnoga ega. Asrlar davomida bu betakror shahar Yevropa va Osiyo o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, mintaqalararo madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga beqiyos hissa qo‘shib keladi.

Bugungi kunda zamonaviy Turkiyada Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning “Turkiya asri” strategik g‘oyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidlashni istar edim.

Turkiya global kun tartibidagi dolzarb muammolarni samarali hal etish yo‘lida o‘z saʼy-harakatlarini to‘liq safarbar etib, xalqaro munosabatlarning ishonchli va nufuzli ishtirokchisi sifatida taʼsiri ortib bormoqda.

Prezident Erdog‘anning qatʼiy intilishlari tufayli bugun O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari keng ko‘lamli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning eng ustuvor yo‘nalishlari Yevroosiyo iqtisodiy sammitining asosiy maqsadlari – teng huquqlilik, ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan keng qamrovli sheriklik va barqaror taraqqiyot tamoyillariga to‘la mos keladi.


Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Bu galgi Sammitning asosiy mavzularidan biri sifatida suv tanqisligi va “yashil” resurslar sharoitida global masʼuliyat masalasi bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Dunyo tobora avj olayotgan iqlim xavf-xatarlariga, xususan, cho‘llanish, tuproq yemirilishi, suv tanqisligi va ekologik vaziyat yomonlashuviga duch kelmoqda.

Markaziy Osiyoda ushbu jarayonlar ayniqsa keskin namoyon bo‘lyapti: harorat oshish surʼatlari ko‘rsatkichi jahon miqyosidagi o‘rtacha meʼyorlardan yuqori bo‘lib, muzliklar yemirilmoqda, tuproq degradatsiyasi kuchaymoqda.

Bunday sharoitda ekologik barqarorlikni taʼminlash Yangi O‘zbekistonni taraqqiy ettirishning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda, Orol dengizining qurigan tubida esa ulkan yashil himoya maydonlari yaratilmoqda.

Biz rivojlanishning yashil modeliga izchillik bilan o‘tmoqdamiz, bu jarayonda zararli chiqindilar hajmini 35 foizga qisqartirib, 2035-yilga qadar ularni 50 foizgacha kamaytirishni maqsad qilib olganmiz.

Shu bilan birga, suv resurslarini samarali boshqarish, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa har yili katta miqdorda suv zaxiralarini tejash imkonini beradi.

O‘zbekiston bundan buyon ham “yashil” kun tartibini faol ilgari surish hamda global ekologik xavflarni samarali hal etish yo‘llarini topishga hissa qo‘shishni faol davom ettiradi.

Shu munosabat bilan sizlarni mamlakatimizdagi xalqaro tadbirlarda, xususan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Global ekologik jamg‘arma Assambleyasida va Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif etaman.

Ishonchim komil, birgalikda amalga oshiriladigan saʼy-harakatlarimiz xalqaro iqlim hamkorligi kun tartibiga, jumladan, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bo‘lajak konferensiyasiga tayyorgarlik jarayoniga amaliy hissa qo‘shadi.


Qadrli tadbir ishtirokchilari!

O‘zbekiston keng ko‘lamli hamkorlik uchun doim ochiq va kelgusida ham barqaror rivojlanishni taʼminlashga ko‘maklashishga tayyor.

Biz barcha saʼy-harakatlarimizni birlashtirgan holdagina bugungi va kelgusi avlodlar uchun farovon kelajakni taʼminlay olamiz.

Sammit qatnashchilari faoliyatiga omad va katta amaliy natijalar yor bo‘lishini tilayman.

Eʼtiboringiz uchun tashakkur.

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish