Kim Dong Xo: Koreya Respublikasi va KOICA hamisha O‘zbekistonning ishonchli do‘sti bo‘lib kelgan
Avgust 19, 2026. 10:30 • 3 daq
• 67
SEUL, 19-avgust. /“Dunyo” AA/. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) prezidenti vazifasini bajaruvchi Kim Dong Xo mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– O‘tgan 35 yil davomida O‘zbekiston izchil iqtisodiy taraqqiyot va mamlakatni modernizatsiya qilish yo‘lidan dadil bordi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda keng ko‘lamli islohotlar va ochiqlik siyosati orqali barqaror o‘sishni taʼminlab, Markaziy Osiyoning yetakchi davlati sifatida jahon hamjamiyati eʼtiborini qozonmoqda.
Koreya Respublikasi va O‘zbekiston 1992-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon uzoq yillik o‘zaro ishonch va do‘stlik asosida aloqalarini alohida strategik sheriklik darajasiga olib chiqdi.
Ikki mamlakat taʼlim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish va madaniyat kabi turli sohalarda yaqin hamkorlikni davom ettirib, birgalikda strategik sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ymoqda. KOICA ham so‘nggi 30 yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekiston xalqining ishonchli hamkori bo‘lib kelmoqda.
Shaxsan o‘zim O‘zbekistonda jami besh yil faoliyat yuritdim. Shu bois mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning mustahkamlanib, izchil rivojlanayotganini ko‘rish menga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.
KOICA 1991-yildan buyon O‘zbekistonda umumiy qiymati qariyb 250 million AQSh dollariga teng bo‘lgan hamkorlik loyihalarini amalga oshirdi. Joriy yilda taʼlim, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi, atrof-muhit va hududiy rivojlanish sohalarida turli dasturlar hayotga tatbiq etildi. Hamkorligimiz raqamli transformatsiya, ilm-fan, texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishlarida kengaytirilmoqda.
Xususan, KOICA O‘zbekistondagi ilk texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazi – “U-Enter”ni tashkil etish orqali ko‘plab yoshlarning tadbirkorlik orzularini ro‘yobga chiqarishi uchun mustahkam zamin yaratdi. Ushbu tashabbus yangi innovatsion ekotizimni shakllantirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Ayni paytda KOICA O‘zbekiston Hukumati bilan hamkorlikda raqamli davlat boshqaruvini takomillashtirish, sunʼiy intellektga asoslangan huquqiy xizmatlarni joriy etish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi istiqbolli yangi loyihalarni ham amalga oshirmoqda. Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning milliy taraqqiyot strategiyasi – “O‘zbekiston – 2030”ni muvaffaqiyatli amalga oshirish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonaman.
Joriy yil sentyabr oyida o‘tkaziladigan birinchi “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” sammiti o‘zaro istiqbolli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab beradigan muhim burilish nuqtasi bo‘ladi. Sammit doirasida KOICA “Inklyuziv va barqaror taraqqiyot uchun sunʼiy intellekt” mavzusida “Seul xalqaro ODA konferensiyasi”ni o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ushbu konferensiya Koreya Respublikasi, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun sunʼiy intellektdan foydalangan holda barqaror taraqqiyot sohasidagi hamkorlik yo‘llarini birgalikda muhokama qilishga xizmat qiladigan muhim maydon bo‘lishiga umid qilaman.
Koreya Respublikasi va KOICA hamisha O‘zbekistonning ishonchli do‘sti hamda kelajakni birgalikda barpo etadigan hamkori bo‘lib kelgan. Kelgusida ham ikki xalqqa yanada farovon hayot va yangi umidlar olib keladigan hamkorligimizni izchil davom ettiramiz.
Mustaqillikning 35 yilligini nishonlayotgan O‘zbekiston kelgusida yanada tinch va farovon davlat sifatida taraqqiy etishini tilayman.
O‘zbekiston xalqiga mustahkam sog‘liq va xotirjamlik, har bir xonadoniga farovonlik va baxt-saodat tilayman.
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan yana bir bor tabriklayman!
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi